Gastrit (Gastiritis) - Veterinary Guide PDF
Document Details
Uploaded by Deleted User
Tags
Related
- Veterinary Medicine PDF
- Small Animal Critical Care Medicine PDF (XIX Miscellaneous Disorders)
- Nutrigenomics and Nutrigenetics for Veterinary Medicine Animal Nutrition PDF
- Animal Health Complexity - University of Alberta - PDF
- VMED105 Introduction To Veterinary Medicine PDF
- Veterinary Medicine Textbook PDF - 11th Edition
Summary
This document provides a detailed overview of gastritis, a condition characterized by inflammation of the stomach lining in animals. It discusses the causes, including poor feed quality, toxins, and infectious agents. The document also explains the development of the condition, focusing on factors like secretion disruption and stress responses.
Full Transcript
**Gastrit** (Gastiritis) - oshqozon shilliq pardasi va uning devorining yallig'lanishi bo'lib, a'zoning sekretor-fermentativ, evakuator, ekskretor va inkretor funksiyasining buzilishi bilan tavsiflanadi. Kelib chiqishiga ko'ra, birlamchi va ikkilamchi; kechishiga ko'ra, o'tkir va surunkali; jarohatl...
**Gastrit** (Gastiritis) - oshqozon shilliq pardasi va uning devorining yallig'lanishi bo'lib, a'zoning sekretor-fermentativ, evakuator, ekskretor va inkretor funksiyasining buzilishi bilan tavsiflanadi. Kelib chiqishiga ko'ra, birlamchi va ikkilamchi; kechishiga ko'ra, o'tkir va surunkali; jarohatlanishning xarakteriga ko'ra, ekssudativ va alterativ; yallig'lanishning turiga ko'ra, zardobli, kataral, gemorragik, fibrinli va yiringli; yallig'lanishning joylashishi va tarqalishiga ko'ra, yuzaki va chuqur, o'choqli va diffuz gastritlar farqlanadi. Alterativ yallig'lanish erroziyali va yarali bo'lishi mumkin. Funksional belgilariga ko'ra, sekresiyaning me'yorda bo'lishi (normasid), me'yordan yuqori bo'lishi (giperasid) va me'yordan past bo'lishi (subasid, axiliya) bilan o'tadigan gastritlar; morfologik belgilariga ko'ra, atrofik va gipertrofik gastritlar farqlanadi. Kasallik cho'chqalar, otlar va go'shtxur hayvonlar orasida keng tarqalgan bo'lib, ko'pincha yosh hayvonlar kasallanadi. Sanoat tipidagi cho'chqachilik komplekslarida quruq omixta yemlar bilan barvaqt oziqlantirishda onasidan 26-30 kunligida ajratilgan cho'chqa bolalarining yoppasiga kasallanishi kuzatilishi mumkin. Bu paytda ko'pincha eroziyali-yarali gastrit qayd etiladi. **Sabablari.** Gastritning kelib chiqishi va hayvonlarning yoppasiga kasallanishiga sifatsiz oziqalarning (chirigan, mog'orlagan, ifloslangan, achigan) berilishi va oziqalarning hayvonning yoshiga mos kelmasligi, ular tarkibida zaharli moddalar va o'simliklarning bo'lishi, bir turdagi va oqsil, vitamin va mineral moddalar bo'yicha to'la qimmatli bo'lmagan oziqalarning berilishi, oziqlantirish rejimining buzilishi sabab bo'ladi. Etiologik omillar uzoq muddat qiyin hazmlanuvchi oziqalar bilan boqish, o'ta issiq yoki o'ta sovuq, tarkibida qitiqlovchi va achchiq moddalar saqlovchi oziqalar bilan boqish, go'sht, baliq, sut va moylar olinadigan o'simliklarni qayta ishlashdan olinadigan oziqalarni hayvonlarga berish texnologiyasining buzilishi kabilar bo'lishi mumkin. Hayvonlarni iflos, namligi yuqori bo'lgan joylarda saqlash, shamollash yoki organizmni qizib ketishi, tiqis saqlash, oxirlarni yetishmasligi kasallikni kelib chiqishidagi ikkilamchi omillar hisoblanadi. Oshqozonning sekretor va evakuator funksiyasining buzilishi turli stress ta'sirotlarning uzoq muddat, kuchli ta'siri oqibatida kelib chiqadi. Ikkilamchi gastrit tishlar va og'iz bo'shlig'i shilliq pardasining yallig'lanishi, qizilo'ngach, oshqozon osti bezi, jigar va boshqa tizim va a'zolarning kasalliklari oqibatida kuzatilishi mumkin. Turli virusli kasalliklar (cho'chqalar va go'shtxur hayvonlar ulati, Auyeski kasalligi, virusli gastroenterit), bakterial infeksiya (pasterellyoz, saramas, anaerob dizenteriya va diplokokkoz), ba'zi parazitar kasalliklar (toksoplazmoz, gastrofillyoz) gastrit kuzatilishi bilan o'tadi. Gastritning sabablarida autoimmun omillar va allergik reaksiyalar katta ahamiyatga ega. **Rivojlanishi.** Patologik jarayonning rivojlanishi etiologik omillarning xarakteri, kuchi va ta'sir etish muddatlariga hamda hayvonlarning turi, yoshi va individual xasusiyatlariga bog'liq bo'ladi. Bunda oshqozon bezlari qo'zg'aluvchanligining o'zgarishi oqibatida sekresiyasining miqdoriy va sifatiy jihatdan buzilishi umumiy holat hisoblanadi. Patologik sekresiya giperasid, astenik, inert va subasid holda bo'lishi mumkin. Kasallikning boshlanishida oshqozon asab-bezli apparati qo'zg'aluvchanligining kuchayishi hisobiga giperasid sekresiya kuzatiladi. Astenik sekresiya esa boshqaruv mexanizmlarining kuchli darajada buzilishi va oshqozon sekresiyasining izdan chiqishi oqibatida kuzatiladi. Turg'un (doimiy) gipersekresiya ko'pincha oshqozon shirasi muhiti kislotaligining yuqori bo'lishi bilan kechsada ba'zan kislotalik me'yorda va hatto pasaygan bo'ladi. Shuningdek, kislotalik yuqori bo'lsada uning miqdori ko'paymaydi. Bu holat faqat oshqozon shilliq pardasining yallig'lanishida emas, balki boshqa tizim va a'zolarning kasalliklari paytida ham kuzatilishi mumkin. Sekresiyaning qo'zg'aluvchi tipi yosh hayvonlarga xos bo'lib, ularda yallig'lanishga, tashqi va ichki gormonal-gumoral ta'sirotlarga nisbatan adekvat bo'lmagan reaksiya kuzatiladi. Giperasid holatlarda oziqa massasi evakuasiyasining turli muddatga to'xtab qolishi, pilorospazm va shilliq parda baryerlik xususiyatining buzilishi kuzatiladi. Gipersekresiya va oziqa massasi evakuasiyaning to'xtashi, ichaklardagi oziqa massasining oshqozonga qaytib tushishi va gazlar hosil bo'lishi oshqozonning kengayishiga sabab bo'lishi mumkin. Intoksikasiya va qayd qilish markazining qitiqlanishi tufayli qayd qilish kuzatiladi. Sekresiyaning batamom to'xtashi axiliyaga sabab bo'lishi mumkin. Bunda bezlar xlorid kislota va pepsinogen ishlab chiqarish xususiyatini yo'qotadi. Oshqozonda pepsin o'zining proteaz va peptidaz xususiyatini namoyon qila olmaydigan muhit paydo bo'ladi. Ichaklarga kelgusida parchalanmaydigan oqsillar o'ta boshlaydi, shilliq pardalarning ta'sirlanishi oqibatida ichaklar peristaltikasi kuchayadi va diareya kuzatilishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda oshqozon osti bezi va ichaklar sekresiyasi ham pasayadi, dispepsiya holati chuqurlashadi. Erkin xlorid kislotasi konsentrasiyasining kamayishi oqibatida oshqozon shirasining bakterisidlik xususiyati pasayadi yoki butunlay yo'qoladi. Oqibatda va pilorik sfinktr funksiyasining buzilishi tufayli disbakterioz rivojlanib, ichaklarda chirish jarayonlari bijg'ish jarayonlariga ustunlik qiladi. Hosil bo'lgan toksinlar qonga so'rilib, to'qimalar va asosan jigarda to'planib qoladi va uning funksiyalarini buzadi. Oshqozonning qisqarishi uning sekresiyasi, sfinktrlar tonusi, reflektor ta'sirotlarga va shuningdek etiologik omillarning ta'siriga bog'liq. Oshqozonni qisqarishining kuchayishi odatda oshqozon shirasining kislotaligi pasayganda va axiliya paytida kuzatiladi. Oziqa massasining o'n ikki barmoqli ichakda tezlik bilan neytrallanishi oshqozon pilorik qismining bo'shashi va sfinkterning ochilishiga sabab bo'ladi. Oqibatda oshqozon bo'shlig'iga ximus qaytib tushadi. Uning tarkibidagi o't suyuqligi va boshqa komponentlar nafaqat eksudativ, balki alterativ yallig'lanishga sabab bo'ladi. Muskullar tonusi boshqarilishining buzilishi oqibatida ularning spastik qisqarishi, ko'pincha itlar va cho'chqalarda kuchli og'riq paydo bo'lishiga sabab bo'ladi. Oshqozonning asosiy funksiyalarining chuqur buzilishlari va ularning ichaklar tomonidan kompensasiya qilinishi yomonlashganda ovqat hazm qilishning boshqa zvenolarida ham o'zgarishlar kuzatilishi, modda almashinuvlarining izdan chiqishi, anemiya, autointoksikasiya, tana vaznining va hayvon mahsuldorligining keskin pasayishi kuzatiladi. **Belgilari.** Kasallikning klinik namoyon bo'lishi oshqozonning sekretor va qisqarish funksiyasining buzilishi va shilliq pardalarning yallig'lanish darajasi hamda ezofagogastroduodenal kompleksining individual funksional va anatomo-morfologik xususiyatlariga bog'liq bo'ladi. Gastritning o'tkir kechishida simptomlar turlicha bo'ladi: zardobli yallig'lanish paytida belgilar umuman kuzatilmasa, ekssudativ va alterativ yallig'lanishda klinik belgilar yaqqol namoyon bo'ladi. Sekresiyaning kuchaygan davrida tana harorati o'zgarmaydi, holsizlanish va ishtahaning pasayishi asta-sekinlik bilan rivojlanadi. Kekirish paydo bo'ladi, go'shtxo'r hayvonlar va cho'chqalarda oziqa iste'mol qilingandan keyin yoki oziqlanishga bog'liq bo'lmagan holda qayd qilish kuzatiladi. Qayd qilingan massa tarkibida oziqalar, ko'p miqdorda so'lak va shilimshiq modda, to'xtovsiz qayd qilinganda esa o't suyuqligi aralashgan bo'ladi. Tezak qattiqlashadi, qoramtir rangda yupqa shilimshiqli parda bilan qoplangan. Qayd qilish kuzatilmaganda cho'chqa bolalari va itlarda oshqozon sohasi og'riqli, oshqozon gipotoniyasi va pilorospazm paytida oshqozon qattiq palpasiya qilinganda sho'lqillash tovushi eshitiladi. Otlarda tez-tez bezovtalanish, esnash, bo'yinni cho'zish, qoringa qarash, pilorospazm paytida sanchiq kuzatiladi. Oshqozonning funksiyalari buzilmasdan o'tadigan axiliya simptomlarsiz kechadi. Oziqalar hazmlanishi buzilganda peristaltika kuchayadi, gastrogen axilik diareya kuzatilib, tarkibida ko'p miqdorda hazmlanmagan oziqalar bo'lgan ich ketishi qayd etiladi. Holsizlanish kuchayib boradi, ba'zan tana harorati 0,5-1^0^S ga ko'tariladi, ishtaha pasayadi va o'zgaradi, cho'chqalar ko'pincha yotadi. Og'iz shilliq pardasi biroz sarg'aygan, tilda ko'kimtir pardasimon qoplama bo'ladi, og'izdan achqimtir hid keladi. Sut beruvchi ona cho'chqalarda gipo- yoki agalaktiya, cho'chqa bolalarida diareya, tashqi ta'sirotlarga befarqlik va gipodinamiya kuzatiladi. Intoksikasiyaning kuchayishi bilan hayvonda holsizlanish kuchayib boradi, gandiraklab yurish, taxikardiya va polipnoe va degidratasiya qayd etiladi. Cho'chqa bolalarida tumshuq, quloqlarning uchki qismi va qorinning pastki qismining terisi ko'kimtir rangda bo'lib, qorin sohasida og'riq kuchayib boradi. Oshqozon shilliq pardasining kuchli omillar ta'sirida jarohatlanishda yallig'lanish jarayoni 2-3 soatdan keyin rivojlanib, klinik belgilar 6-8 soatdan keyin namoyon bo'ladi. Tezlik bilan kasallikning sabablari tugatilganda va o'z vaqtida davolash ishlari olib borilganda kataral gastrit 3-4 kunda sog'ayish bilan tugaydi, katta yoshdagi hayvonlarda ba'zan 8-10 kunga cho'ziladi. Gemorragik gastrit kuchayib boruvchi holsizlanish, intoksikasiya va yurak yetishmovchiliklari bilan o'tadi. Palpasiya qilinganda oshqozon og'riqli, qayd qilingan massa tarkibida gemorragik ekssudat bo'ladi. Toksikozlar va yuqumli kasalliklar paytida kuzatiladigan gemorragik gastritda simptomlar noaniq bo'ladi. Gastrit surunkali ravishda kechganda klinik belgilar turlicha namoyon bo'lib, asosiy sindrom - oshqozon tipidagi dispepsiya (ishtahani pasayishi va o'zgarishi, kekirish, kasallik kuchayganda qayd qilish, oshqozonda doimiy bo'lmagan og'riq, sfinkterlar spazmi paytida sanchiqsimon og'riq, otlarda tezak tarkibida hazmlanuvchi kletchatka, go'shtxur hayvonlar tezagida biriktiruvchi va muskul to'qimasi bo'lishi) hisoblanadi. Oshqozon tipidagi dispepsiya bilan birga o'rtacha darajadagi damlash, peristaltikaning kuchayishi, ich qotishi bilan almashinuvchi ich ketishi, oziqalar hazmlanishining pasayishi bilan xarakterlanadigan ichak tipidagi dispepsiya ham kuzatilishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda terining elastikligi pasayadi, teri qoplamasining yaltiroqligi yo'qoladi, shilliq pardalar oqaradi, ba'zan sarg'ayadi. Og'iz shilliq pardasi quruqlashgan, quyuq shilimshiq bilan qoplangan, tilda ko'kimtir qoplama bilan qoplangan bo'ladi. Og'izdan qo'ansa xid keladi. Otlarda qattiq tanglay shilliq pardasi shishgan bo'ladi. Kasallik bir pasayib, bir kuchayib turadi, oylab va yillab davom etadi. **Prognozi.** O'tkir kataral gastrit paytida prognoz yaxshi, gemorragik gastritda hafvli yoki yomon bo'lishi mumkin. Etiologik omillar o'z vaqtida tugatilib, davolash ishlari olib borilmaganda yallig'lanishning og'ir tus olishi, surunkali kechishga o'tishi va patologik jarayon ichaklarga ham o'tishi mumkin. **Davolash.** Kasallikning sabablari bartaraf etiladi. Katta yoshdagi hayvonlar bir sutka davomida, cho'chqa bolalari va toylar 6-8 soat davomida och qoldiriladi. Rejadagi veterinariya tadbirlari, cho'chqa bolalarini onasidan ajratish to'xtatib turiladi, otlar ishdan ozod qilinadi. Davolashning ikkinchi kunidan boshlab kasal hayvonlarga yarim och koldirish rejimida saqlanib, yengil hazmlanuvchi, oshqozonni ta'sirlantirmaydigan oziqalardan kamdan-kam beriladi. Cho'chqalarga shilimshiqli qaynatmalar, suyuq atala, sabzi, lavlagi, qaynatilgan kartoshka bir kunda 4-5 marta beriladi. Otlarga kepak va unli aralashmasi qaynatilib, sifatli o'tlar, lavlagi, sabzi, omixta yemlar beriladi. Go'shtxur hayvonlarga sut, go'sht qaynatmasi, suyuq bo'tqa, maydalangan go'sht kamdan-kam berilib, ularning miqdori ko'paytirib boriladi. O'tkir gastrit og'ir kechganda oshqozon iliq holdagi natriy gidrokarbonat (1-2%-li), natriy xlorid (1%-li), otlarda ixtiol (0,5%-li) eritmalari bilan yuviladi. Giperasid gastritni davolashda parhez oziqlantirish va tuz berishni chegaralashdan tashqari antasid (kislotalikni pasaytiruvchi) vositalar, yallig'lanishga qarshi va og'riq qoldiruvchi dorilar qo'llaniladi. Bu maqsadda magniy okis (kuchsizlantirlgan magneziya) yoki magniy karbonat otlarga 10-20 g, cho'chqalarga 2-6 g, itlarga 0,2-1 g; ammoniy gidrookis (magniy okis bilan birgalikda) cho'chqalarga 2-10 g, itlarga 0,5-5 g, suvli suspenziya holida; kalsiy karbonat (bo'r) otlarga 10-50 g, cho'chqalarga 2-5 g, itlarga 0,2-2 g; bentonit (kaolin) otlarga 30-100 g, cho'chqalarga 2-25 g, itlarga 0,5-6 g; magniy trisilikat shunga mos ravishda 5-10, 1-4 va 0,5-2 g qo'llaniladi. Sekresiyaning pasayishi bilan o'tadigan gastritni davolashda diyetoterapiya bilan birgalikda shifobaxsh o'tlar qaynatmasi, osh tuzi yoki karlovar tuzi: otlarga 10-30 g, cho'chqalarga 2-4 g, itlarga 0,5-2 g, kuniga ikki marta sun'iy yoki tabiiy oshqozon shirasi, suyultirilgan xlorid kislotasi ichiriladi. O'tkir gastritda oshqozonning kislotaligidan ka'tiy nazar shilimshiqli vositalar - kraxmal, kanap urug'i, altey ildizi qaynatmalari qo'llaniladi. Kasallik surunkali ravishda kechganda asosiy e'tibor parhez oziqlantirishga qaratiladi. Giperasid holatlarda tuz berish chegaralanadi, gipoasid gastritda esa aksincha ko'paytiriladi. Medikamentoz davolashdan tashqari stimullovchi, vikar, vitaminoterapiya va fermentoterapiya usullaridan foydalaniladi. **Profilaktikasi.** Hayvonlarni saqlash va oziqlantirish texnologiyalariga kat'iy rioya qilish, hayvonlarni to'g'ri ishlatish, hayvonlarga sifatsiz, juda issiq yoki juda sovuq, ifloslangan hamda zaharli oziqalar berilishini oldini olish, hayvonlarni rejali ravishda ko'rikdan o'tkazib turish lozim. Cho'chqa bolalarini onasidan barvaqt ajratmaslik, oziqalarga asta-sekinlik bilan o'rgatib borish kerak. **Meda yarasi** (Morbus ulcerosis; Ulcus Ventriculi) - veterinariya uchun shartli nozologik termin hisoblanadi, oshqozonning surunkali kechuvchi residivli kasalliklarining yig'indisi bo'lib, oshqozonda peptik va simptomatik yaralar hosil bo'lishi, shilliq pardasining destruktiv jarohatlanishi bilan xarakterlanadi. Ko'pincha cho'chqa bolalarida eroziyali va yarali gastrit, sut davridagi buzoqlarda ulserozli abomazit shu nozologik birlikga kiritiladi. Hamma turdagi hayvonlar, ko'pincha cho'chqalar, buzoq va cho'chqa bolalari hayotining birinchi kunlarida kasallanadi. **Sabablari.** Me'da yarasining kelib chiqishida har xil ekzogen va endogen ta'sirotlar, shilliq pardasi trofikasining buzilishi va chuqur yallig'lanishlar, qon quyilishlar, gemonxoz, trixostrangilidoz, otlar gabronematozi, teylerioz, buzoqlarda esa kazein parchalari etiologik omillar bo'lishi mumkin. Bo'rdoqichilikda esa hayvonlarni unli, donadorlashtirilgan, makka doni bor oziqalar bilan boqilgan paytlarida kasallikning uchrashi ko'payadi. **Rivojlanishi.** Shilliq qavatni yopib turuvchi shilimshiq baryerning yemirilishi xlorid kislota va pepsinning me'da devoriga ta'sir etishiga sabab bo'ladi. Bu yaralar vulqonsimon shaklda bo'ladi. Yaralarning teshilishi oqibatida qon ketishi va perforativ peritonit kuzatilishi mumkin. **Belgilari.** Hayvonning ishtahasi pasayadi, oriqlaydi, ichaklar peristaltikasi susayadi, ich ketishi yoki ich qotishi kuzatiladi. Kamqonlik, kavshovchilarda gipotoniya va timpaniya kuzatiladi. Buzoqlarda sut ichishdan keyin sanchiqli og'riq, cho'chqa va itlarda ovqatlanishdan so'ng kekirish, qayd qilish (ba'zan qon aralash) kuzatiladi. Oshqozon bosib ko'rilganda og'riydi. Me'da shirasining kislotaligi juda baland bo'ladi. Oshqozonning perforasiyasi kuzatilganda esa peritonit belgilari namoyon bo'ladi. **Tashxisi.** Asosan oshqozonga zond yuborish va oshqozon shirasini, tezakni tekshirish va patalogoanatomik tekshirish natijalariga asoslanib tashxis qo'yiladi. **Davolash.** Kasal hayvonlar tinch joyga alohida ajratilib, stress omillar yo'qotiladi, hayvonning turiga ko'ra parhez oziqlantirish tavsiya etiladi. Bunda oshqozon shirasi va oshqozonning sekresiyasini kuchaytiruvchi va muhit kislotaligini oshiruvchi oziqalar berilmaydi. Davolash tartibini tuzishda og'riq qoldiruvchi, antasid, yaralarga qarshi, antimikrob, antigistamin ta'sirga ega va talab etilganda burushtiruvchi hamda qon ketishini to'xtatuvchi dorilar tanlanadi. Qoramolar huddi sekresiyani kuchayishi bilan o'tadigan abomazitni davolashdagidek tartibda davolanadi. Buzoqlarga yog'i olinmagan sut, yumshoq pichan, o't unlari, tuxum oqsili yoki kraxmal beriladi. Katta yoshdagi hayvonlarga esa teri ostiga atropin, og'iz orqali magniy sulfat, kalsiy karbonat (bo'r) beriladi. Cho'chqalarda oshqozon yarasi huddi giperasid gastritni davolashdagidek tartibda davolanadi. Oshqozondan qon ketishi kuzatilganda og'iz orqali yoki muskul orasiga vikasol (1%-li eritma holida) 0,001-0,003 g dozada, kuniga 2 marta 5 kun davomida yuboriladi. **Profilaktikasi.** Birinchi navbatda oshqozon yarasiga sabab bo'ladigan omillar va stress ta'sirotlar yo'qotiladi. Hayvonlarning yoshini e'tiborga olgan holda optimal oziqlantirish rejimi joriy qilinadi. Buzoqlar sut davridan dag'al oziqalar bilan boqishga asta-sekinlik bilan o'tkaziladi. Cho'chqalar uchun omixta yemlar tarkibidagi makka doni 30-40 foyizdan oshmasligi lozim. **Gastroenterit** (Gastroenteritis, Abomasoenteritis) - me'da (shirdon) va ingichka ichaklarning asosan o'tkir kechuvchi yallig'lanishi bo'lib, hazm jarayonlari va immun javobning buzilishlari, organizm intoksikasiyasi bilan xarakterlanadi. Ba'zi paytlarda kasallik 80-100% hayvonlarda kuzatilishi mumkin. Oshqozon va ichaklar devorining barcha qavatlari va hatto zardob qavatning yallig'lanishi kasallikning juda og'ir o'tishi bilan xarakterlanadi va hayvonlar orasida katta chiqimga sabab bo'ladi. Birlamchi va ikkilamchi, yuzaki va chuqur, o'choqli va diffuz, zardobli, kataral, gemorragik, fibrinoz, yiringli, ba'zan o'choqli-alterativ gastroenteritlar farqlanadi. **Sabablari.** Yosh hayvonlarda dispepsiyani chaqiruvchi sabablar gastroenteritga ham sabab bo'lishi mumkin. Ko'pincha me'da (shirdon) dagi yallig'lanishlar oqibatida ichaklar ham yallig'lanadi. Bunday hollarda me'da, shirdon, jigar va oshqozon osti bezlaridagi ekssudativ va alterativ jarayonlar kasallikning asosiy sabablari hisoblanadi. Cho'chqa bolalarida gastroenteral sindrom bilan o'tuvchi kasalliklar kelib chiqishiga ko'ra, defisitli, intoksikasion, endokrin va allergik xarakterlarda bo'lishi mumkin. Shilliq pardalardagi mitotik va reparativ jarayonlarni faollashtirish va boshqarishda ishtirok etuvchi vitaminlar va boshqa biologik faol moddalarning yetishmovchiliklari defisitar omillar orasida asosiy o'rinda turadi. Alimentar va endogen intoksikasiyalar ham kasallikning sabablarida yetakchi o'rinlarni egallaydi. Chunki shilliq pardaning morfo-funksional o'zgarishlari toksinlarning ular yuzasiga ta'siri yoki so'rilishidagina emas, balki ularning oshqozon-ichak kanaliga ekskresiyasidan ham kelib chiqadi. Kasallikning endokrin sabablariga buzoqlarda qalqonsimon bez gipofunksiyasi kiradi. Organizmning alimentar antigenlar bilan sensibilizasiyasi oqibatida allergik o'zgarishlar kelib chiqadi. Sutni liofil usulda quritishda, ya'ni qand moddasining lizosim bilan birikishi natijasida hosil bo'ladigan glikoproteinlar yuqori faollikka ega moddalar hisoblanadi. Katta yoshdagi hayvonlarda gastroenteritning sabablari qatoriga hazm a'zolaridagi autoimmun o'zgarishlar ham kiradi. Ona suti tarkibidagi hazm a'zolari antigenlariga nisbatan autoantitelalarning bo'lishi bilan bir vaqtda yosh organizmdagi immunodefisitlik holati, ularning dispepsiya bilan kasallanib o'tishi, yosh hayvonlarning gastroenterit bilan yoppasiga kasallanishlari omixta yemlar, aralashma va qo'shimcha oziqalar, oziqa konservantlari, go'sht-sut sanoati, qand, spirt, baliq, konserva, yog'-ekstraksiyalash va boshqa bir qancha qayta ishlash sanoati chiqindilarini tayyorlash texnologiyasi va ularni hayvonlarga berish qoidalari ko'pol holda buzilgan paytlarida kuzatiladi. Oshqozon va ichaklarning yallig'lanishlari ba'zi dorilarni noto'g'ri qo'llash oqibatida ham kelib chiqadi. Mineral zaharlar va zaharli o'simliklardan zaharlanishlar, nurlanish kasalligi, ba'zi yuqumli va invazion kasalliklar ham gastroenteral sindrom bilan o'tadi. Surunkali gastroenterit keksa va arriq hayvonlarda etiologik omillarning hazm kanali shilliq pardasiga uzoq muddatli va takroriy xarakterdagi ta'siri natijasida paydo bo'ladi. Kasallikning uzoq muddat davom etishi ichaklar motorikasining buzilishi, og'iz bo'shlig'i, oshqozon oldi bo'limlari, jigar, oshqozon osti bezi kasalliklari va turli xarakterdagi sanchiqlar paytida kuzatiladi. **Rivojlanishi.** Mahalliy va umumiy xarakterdagi buzilishlar oshqozon va ichak shilliq qavati hamda qon tomirlar to'rining birlamchi ta'sirlanishlari xarakteriga bog'liq bo'ladi. Organizmdagi buzilishlarning og'ir-yengilligi a'zolardagi yallig'lanish reaksiyasining jadallik darajasi, disbakterioz va autointoksikasiyaning xarakteri, organizm umumiy rezistentligi va gastroenteral tizimdagi gomeostazga bog'liq. Gastroenteral tizimdagi asosiy funksioanl buzilishlar rivojlanishidagi bosh zvenoni me'da shilliq pardasining kislota ajratish faoliyatining pasayishi tashkil etadi. Kataral yallig'lanishlar paytida oshqozon va ichaklardagi sekretor-fermentativ va so'rilish jarayonlarining o'zgarishlari ko'zga unchalik tashlanmaydi. Lekin shunga qaramasdan oqsilga boy bo'lgan ekssudat hamda transsudatning ajralib chiqishi va erkin xlorid kislotasi bilan birikishi gipoasid holatining rivojlanishiga olib keladi. Past bakteriostatik va bakterisidlikka ega bo'lgan muhit vujudga keladi. pH juda yuqori bo'lishi tufayli pepsinning nafaqat proteaz va balki peptidaz faolligi ham yo'qoladi. Natijada ichakka gidrolizlanmagan oqsillar tushadi. Ximus kislotaligining pastligi hamda oshqozon faolligining past bo'lishi oshqozon osti bezi tashqi sekretor faoliyatining susayishi va ichak kanali hamda devoridagi hazmlanish jarayonlari buzilishlarining kuchayishiga sabab bo'ladi. Chirish va bijg'ish jarayonlarining kuchayishi bilan o'tadigan disbakterioz vujudga keladi. Hosil bo'lgan zaharli moddalar yallig'lanish va distrofik jarayonlarni kuchaytiradi. Natijada bir necha kun yoki bir necha soat ichida moddalar almashinuvi, to'qimalarning trofikasi, jigar, markaziy asab va yurak-qon tomirlar tizimi faoliyatining chuqur buzilishlari bilan o'tadigan intoksikasiya paydo bo'ladi. Suyulgan oziqa massasining ichaklar bo'ylab harakatining tezlashuvi va so'rilishning buzilishi ko'p miqdordagi to'yimli moddalar (asosan oqsilning), elektorlitlar va suvning organizmdan chiqib ketishiga olib keladi. Natijada degidratasiya, kislota-ishqor muvozanatining buzilishi (metabolik asidoz) va moddalar almashinuvidagi boshqa qator o'zgarishlar vujudga keladi. Yosh hayvonlarda gipoglikemiya kuzatiladi. Ichak shilliq pardasidagi chuqur o'zgarishlar oqibatida ichak devori baryerlik qobiliyatining susayishi va nihoyat qonga ko'plab mikroorganizmlar va oqsilli moddalarning tushishi kuzatiladi. **Belgilari.** Kataral, gemorragik yoki eroziyali-yarali gastrit oqibatida rivojlanadigan enteritda kasallikning asosiy belgilaridan tashqari chanqash, haroratning ko'tarilishi, sanchiq sindromlari kabilar ham kuzatiladi. Cho'chqalar bezovtalanadi, tushamani titadi, cho'chqa bolalari bezovtalanib, isitish asboblari atrofiga to'planadi. Ichak peristaltikasi kuchayib, tezak miqdori ko'payadi. Tezak suyuladi, unda shilimshiq moddalar va ba'zan qon, oziqa qoldiqlari uchraydi. Oliguriya kuzatiladi. Buzoqlarda birlamchi gastoenterit paytida diareyadan 18-24 soat oldin ishtahaning pasayishi, subfebril isitma, burun oynasining quruqlashuvi, apatiya, tezak ajralishining kuchayishi kuzatiladi. Diareya paydo bo'lishi bilan tezak suvsimon, och-sariq rangda, shilimshiq modda, yiring, fibrin va ba'zan qon aralash bo'ladi. Ishtaha yo'qoladi, chanqoq kuchayadi, hayvon qusishi mumkin. Ba'zan sezilarli darajada timpaniya kuzatiladi. Intoksikasiya va degidrotasiyaning kuchayishi bilan puls tezlashadi, tomirlar sust to'lishadi, nafas tezlashgan va yuzaki xarakterda bo'ladi. Gipotermiya, soporoz va keyinchalik komatoz holati kuzatilib, hayvon nobud bo'lishi ham mumkin. Etiologik omillar kuchli darajada ta'sir etganda hayvonda shalpayish, bezovtalanish va ichaklarda spastik og'riqlar paydo bo'ladi. Hayvonlarning o'limi ko'payadi. Tana harorati 1-1,5^°^C ga ko'tariladi, muskullarning fibrilyar qaltirashi paydo bo'ladi. Ishtaha va kavsh qaytarish birdaniga yo'qoladi, kekirish va ba'zan qayd qilish kuzatiladi. Chanqoq kuchayadi, mahsuldorlik va ish qobiliyati pasayadi. Tashqi ta'sirotlarga befarqlik kuzatiladi. Yurak turtkisi va tonlari kuchayadi, puls tezlashadi. Ekstrosistologiya va paraksizmal taxikardiya vujudga keladi. Nafas soni va ritmi o'zgarib turadi. Vaqti-vaqti bilan hansirash kuzatilib turadi. Kasallikning o'tkir bosqichida katta qorin devorining harakati susayadi, ingichka ichaklar peristaltikasi vaqti-vaqti bilan kuchayib turadi va ichak shovqinlari balandlashadi. Kasallikning kuchayishi bilan ruminasiya yo'qolib boradi. Ichaklarning peristaltik shovqinlari susayadi. Yosh va gavdasi kichik hayvonlarda palpasiyada oshqozon va ichaklarda og'riq, perkussiyada esa mahalliy meteorizm aniqlanadi. Jigar kattalashgan va og'riqli bo'ladi. Gastroenteritning tipik belgisi - ich ketishi hisoblanadi. Gemorragik, difterik, eroziyali-yarali enteritda tezak turli darajadagi qizg'ish rangda bo'ladi. Ichaklardagi hazm jarayonining yetishmovchiligi asosiy kaprologik sindrom hisoblanadi. Bularning hammasi nisbatan qisqa vaqt ichida paydo bo'ladigan suvsizlanish, kaxeksiya, yurak yetishmovchiliklari va depressiya bilan o'tadi. Qonda shaklili va hamma turdagi elementlar miqdori oshadi. EChT sekinlashadi, jigardan o'tgan bilirubin miqdori oshadi, oliguriya, siydikda shakllangan cho'kmalar miqdorining ko'payishi (asosan leykositlar va buyrak epiteliysi hisobiga), oqsil va proteazalar paydo bo'lishi mumkin. **Patologoanatomik o'zgarishlar.** Murda ariq, ko'zlari cho'kkan, oshqozon va ichaklar shilliq pardasida turli xildagi yallig'lanishlar uchraydi. Hazm kanalidagi ovqat massasi ko'pincha suyuq, shilimshiq va qonli suyuqlik aralashgan bo'lishi mumkin. **Tashxisi.** Kasallikning aniqlash usullari huddi gastritdagidek bo'ladi. Qiyin hollarda kasallik alimentar (diyetik), toksik, allergik, yuqumli va invazion kasalliklardan farqlanadi. Tezakni tekshirish natijalari hisobga olinadi. Qiyosiy tashxisda gastroenteral sindrom bilan o'tuvchi bakterial va virusli infeksiyalar va invaziyalardan farqlanadi. **Davolash.** Gastritidagidek, umumiy tadbirlar va parhez davolash o'tkaziladi. Mumkin bo'lgan holatlarda 1%-li natriy xlorid yoki natriy gidrokarbonat yoki 0,01%-li kaliy permanganat eritmalari bilan oshqozon yuviladi. Surgi tuzlaridan 2-6%-li magniy yoki natriy sulfat eritmalari, o'simlik yog'lari (itlarga kanakunjut yog'i) ichiriladi. Antibiotiklar, sulfanilamid va nitrofuran preparatlari tavsiyanomasiga asosan qo'llaniladi. Otlarga dizinfeksiyalovchi va disbakteriozga qarshi dori sifatida 3-10, sigirlarga 5-15, qo'ylarga 2-5, cho'chqalarga 1-3, itlarga 0,3-1 grammdan kseroform, ixtiol yoki salol beriladi. Og'riq sindromlarida og'riqsizlantiruvchi dorilardan analgin, anestezin (itlarga bellastezin) tavsiya etiladi. Dalachoy, mingbarg, ikki uyli krapiva, xmel, buznoch kabilardan tayyorlangan nastoyka va qaynatmalar ishlatiladi. Shu bilan birgalikda vitaminlar bilan davolash kursi o'tkaziladi. Gemorragik gastroenteritda 2-3 kun ichida diareya to'xtamasa burishtiruvchi va qon ketishini to'xtatuvchi dorilardan vismut nitrat, tanin, vikasol (yirik shoxli hayvonlarga 0,1-0,3, itlarga 0,01-0,03 g, kuniga 2-3 martadan) ichiriladi yoki muskul orasiga yuboriladi. Yuqorida ko'rsatilgan dorivor o'tlardan tashqari dub pustlog'i, zmeyevka ildizi, krovoxlebka ildizi, namatak guli kabilardan tayyorlangan qaynatma va nastoylar tavsiya etiladi. Kuchli gemorragik yallig'lanishlar paytida vena qon tomiriga 10%-li kalsiy xlorid eritmasi yuboriladi. Ichaklar meteorizmi va spazmi paytlarida va og'riqli hollarda yuqorida ta'kidlab o'tilgan og'riqsizlantiruvchi dorilar bilan birgalikda terapevtik dozalarda atropin ishlatiladi. Intoksikasiya va suvsizlanishga qarshi vena qon tomiriga yoki qorin bo'shlig'iga glyukoza va natriy gidrokarbonat eritmalari, natriy xloridning izotonik eritmalari vena qon tomiriga gipertonik regidratasion eritmalar yuboriladi. Maxsus ximio- va fitoterapiya bilan birgalikda vikar va umumiy stimullovchi davolash usullaridan (C vitamini, fermentlar, oqsil preparatlari, gidrolizatlar, aminokislotalar) foydalaniladi. Kuchli dispepsiya va disbakterioz paytlarida oshqozon shirasi, xlorid kislota eritmalari, pepsin preparatlari, yosh hayvonlarga ABK, PABK, asidofillin, yog'sizlantirilgan yoki asidofilli sut tavsiya etiladi. Kasallik belgilari bartaraf etilgandan keyin ham 2-3 kun davomida diyetoterapiya va vitaminoterapiya davom ettiriladi. **Profilaktikasi.** Hayvonlarni saqlash va oziqlantirishdagi talablarga rioya qilish. Sifatsiz va buzilgan yem-xashaklarni yedirishning oldini olish lozim. Dispanserizasiya o'tkazilganda hazm tizimi, modda almashinuvi holati va umumiy rezistentlikka e'tibor beriladi. **Enterokolit** (Enterokolitis) - ingichka va yug'on ichaklar devorining yallig'lanishi bo'lib, ularda sekretor, motor, so'rilish va ekskretor jarayonlarning buzilishi bilan xarakterlanadi. **Sabablari.** Birlamchi enterokolitlar asosan mog'orlangan, achigan, chirigan, muzlagan, tuproq yoki yot narsalar aralashgan oziqalar, qattiq va dag'al oziqalar bilan oziqlantirilganda yoki oziqlantirish rejimi buzilgan hollarda hamda giperasid gastrit, tosh paydo bo'lish, fitobezoar, ximostaz, koprostaz, ichaklar qon tomirlarining tromboemboliyasi paytlarida paydo bo'ladi. Ikkilamchi enterokolitlar esa, qo'shni a'zolarning kasalliklarida (qatqorinning qotishi, peritonit, gastrit) va ba'zi yuqumli va invazion kasalliklar (paratuberkulyoz, salmonellyoz, o'lat, askaridoz, monezioz va boshqalar) paytida kuzatiladi. **Rivojlanishi.** Ichaklar devoridagi diffuz yallig'lanishlar juda og'ir, mahalliy yallig'lanishlar esa biroz yengilroq funksional o'zgarishlarga sabab bo'ladi. Ichaklar peristaltikasining susayishi, sekresiyaning kamayishi va uning faolligining pasayishi, shilimshiq modda va ekssudatning paydo bo'lishi tufayli shilliq parda funksiyalarining buzilishi, ximusning bakterisidlik xususiyatining pasayishi, mikrofloralarning rivojlanishi, bijg'ish - chirish jarayonlarining kuchayishi kuzatiladi. Bijg'ish jarayonining kuchayishi natijasida uglevodlarning parchalanishidan moy, sut, sirka va propion kislotalari, metan, merkaptan, karbonat angidrit kabi gazlar hosil bo'ladi. Chirituvchi mikroorganizmlar ta'sirida chirish oqibatida esa oqsil birikmalari parchalanib, indol, skotol, vodorod sulfid, toksalbuminlar, putressil, kadaverin kabi zaharli birikmalar hosil bo'ladi. Bu zaharli moddalar ichak shilliq pardasiga ta'sir etib, ularning peristaltikasini kuchaytiradi va ba'zi joylarida spazm chaqiradi, og'riq va chanqoq kuchayadi, organizm suvsizlanadi. Zaharli moddalarning parenximatoz a'zolariga va jigarga ta'siridan zararsizlantirish va pigment funksiyalari buziladi. Autointoksikasiya, sarg'ayish, modda almashinuvlari, asab tizimi va yurak funksiyasining izdan chiqishi kuzatiladi. Ichak devori epiteliysi baryerlik xususiyatining buzilishi oqibatida mikroorganizmlarning qonga o'tishi endokardit, o'choqli pnevmoniya, glomerulonefrit kabi kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo'ladi. **Patologoanatomik o'zgarishlar.** Ichak shilliq qavati bir tekisda yoki o'choqli ko'rinishda yallig'langan, shishgan, och qizil rangga kirgan, bo'shashgan, quyuq va tiniq shilimshiq qoplagan va yengil qon quyulgan bo'ladi. Ba'zan eroziya va yaralar, parenximatoz a'zolarda esa distrofik o'zgarishlar kuzatiladi. **Belgilari.** Kasallikning boshlanishida uncha ko'zga tashlanmaydi. Keyinchalik chanqash, bezovtalanish va toliqish belgilari, shilliq pardalarning sarg'ayishi, qonda jigardan o'tgan bilirubin miqdorining ortishi, ichaklar harakatining kuchayishi, ich qotishi, tezakda hazm bo'lmagan oziqa va don parchalarining bo'lishi kabi belgilar kuzatiladi. Yo'g'on ichaklar yallig'langanda ich ketishi, peristaltikaning kuchayishi, tezakda ko'p miqdorda shilimshiq modda va qonning uchrashi kuzatiladi. Hayvon qornini tortib turadi, oriqlaydi, anus sfinkteri bo'shashadi. Kichik chambar va to'g'ri ichaklarlarning yallig'lanishida tez-tez tezak ajratish va tenizm kuzatiladi, kuchanganda anusdan shilimshiq suyuqlik chiqadi. Ichaklarda bijg'ish va chirish jarayonlarining kuchayishi kataral xarakterli yallig'lanishlarni chaqiradi. Ichaklarda kislotali bijg'ishning kuchayishida (giperasid gastrit) otlar tez charchaydi, ko'p terlaydi, so'lak oqadi. Ichaklarda peristaltika kuchayadi, bo'shashgan yoki suyuq, qo'lansa hidli, shilimshiq moddani ko'p saqlovchi tezaklash tezlashadi. Aritmiya, enteralgiya, meteorizm belgilari kuzatiladi. Siydik neytral yoki kislotali muhitda bo'ladi. Qonda limfositoz kuzatiladi. Ichaklarning ishqoriy xususiyatli katarida esa hayvon bo'shashadi, tana harorati ko'tariladi, kon'yuktiva qizaradi, og'iz shilliq pardasi quruqlashadi. Peristaltika susayadi, tez-tez tezaklash kuzatilib tezak quriq, qattiq, yomon xidli, qoramtir-qo'ng'ir tusda bo'ladi. Undagi ammiak miqdori 2-3 titr birligidan baland bo'ladi. Kasallik cho'zilib ketganda ich ketishi kuzatiladi. Qonda neytrofiliya, siydikda indikan yoki urobilin miqdorining ko'payishi qayd etiladi. Sigirlarda avvaliga kavsh qaytarish siyraklashadi va keyinchalik butunlay yo'qoladi. Ingraydi, dumini o'ynatib, qorniga tepinib turadi. Burun oynasi quruqlashadi, katta qorin qisqarishlari susayadi. Sut mahsuldorligi kamayadi. Cho'chqalar ko'proq yotadi, ishtahasi pasayadi, ichaklar peristaltikasi kuchayadi. Ich qotishi, keyinchalik ich ketishi kuzatiladi, tezak qo'lansa xidli, suyuq bo'lib, qon aralash va ko'pikli bo'ladi. Muskullarning qaltirashi kuzatiladi. Mayda hayvonlarda palpasiya qilinganda, katta hayvonlar rektal tekshirilganda ichaklar og'riqli bo'ladi. **Kechishi.** O'z vaqtida davolanganda 7-15 kunda tuzaladi. Ba'zan gastrit va gepatit kasalliklari rivojlanadi. Kasallik surunkali tus olishi ham mumkin. **Tashxisi.** Klinik belgilar va siydikni lobarator tekshirish natijalariga asoslaniladi. **Davolash.** Kasallik sabablari bartaraf etiladi, kasal hayvon alohida joyga ajratilib, yarim och holda saqlanishi tavsiya etiladi. Surgi dorilardan natriy yoki magniy sulfat qoramollarga 400-800 g, qo'ylarga 50-100 g, cho'chqalarga 25-50 g, itlarga 10-20 g ko'p miqdordagi suv bilan ichiriladi. Ishqoriy muhitli enteritda esa kalomel (otga 2-3 g, cho'chqaga 0,1-1,5 g) yoki o'simlik yog'i beriladi. Bijg'ish jarayoni kuchayganda oqsilli oziqalar berish tavsiya etiladi. Surgi dorilardan so'ng antimikrob xususiyatli preparatlardan salol katta hayvonlarga 15-20 g, qo'ylarga 2-10 g, cho'chqalarga 2-5 g, itlarga 0,1-1 g, ftalazol, etazol, sulfadimetoksin, biomisin, sintomisin kabilar beriladi. Burushtiruvchi dorilardan tanalbin katta hayvonlarga 10-20 g, qo'yga 3-5 g, cho'chqaga 2-3 g, itga 1-2 g va dub daraxti qobig'i yirik hayvonga 40-50 g qaynatma holida beriladi. Bulardan tashqari diatermiya, issiq kompress, sollyuks lampalari qo'llaniladi. To'g'ri va chambar ichaklar yallig'langanda esa 0,1%-li kaliy permanganat eritmasi yoki 1litr suvga 1ml 10%-li yod nastoykasi aralashtirilib klizma qilinadi. Kasallik surunkali kechgan paytlarda esa bulardan tashqari naperstyanka, strofantin, kofein preparatlari qo'llaniladi, venaga glyukoza, natriy gidrokarbonat, natriy xlorid eritmalari yuboriladi.