🎧 New: AI-Generated Podcasts Turn your study notes into engaging audio conversations. Learn more

Loading...
Loading...
Loading...
Loading...
Loading...
Loading...
Loading...

Full Transcript

1-dars. Iqtisodiy tahlilning predmeti, asosiy vazifalari va prinsiplari Ma’ruza 1. Iqtisodiy tahlilning fan sifatida shakllanishi va rivojlanish tarixi 2. Iqtisodiy fanlar tizimida iqtisodiy tahlilning o’rni 3. Iqtisodiy tahlilning asosiy tamoyill...

1-dars. Iqtisodiy tahlilning predmeti, asosiy vazifalari va prinsiplari Ma’ruza 1. Iqtisodiy tahlilning fan sifatida shakllanishi va rivojlanish tarixi 2. Iqtisodiy fanlar tizimida iqtisodiy tahlilning o’rni 3. Iqtisodiy tahlilning asosiy tamoyillari 4. Iqtisodiy tahlilning mazmuni 5. Iqtisodiy tahlilning predmeti va vazifalari 1. Iqtisodiy tahlilning fan sifatida shakllanishi va rivojlanish tarixi Iqtisodiy tahlilning fan sifatida shakllanishi va rivojlanish tarixi murakkab jarayon hisoblanadi. Ishlab chiqarish va odamlar farovonligi turli ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy omillarga, iqtisodiy taraqqiyotning tub qonunlariga bo’ysunadi. Ushbu qonunlarni aniqlash uchun oddiy kuzatish va hodisalar bayonining o’zi etarli emas. Sodir bo’layotgan jarayonlarning mohiyatiga kirib borish va ularni harakatlantiruvchi kuchlarni aniqlash zarur. Iqtisodiy tahlil haqida fanning manbaini izlash – sezilarli darajada foydasiz mashg’ulot hisoblanadi. Analitik funktsiyalar elementlari ixtiyoriy xo’jalik faoliyatiga taalluqli hisoblanadi. Tahlil feodal Britaniyada (XII asrlar) manorial hisob va audit (qishloq xo’jalik mulkida hisob va nazorat tizimi) ning tarkibiy qismi bo’lgan. Qayd qilish joizki, yunon va rim davri auditidan farqli o’laroq britancha o’rta asrlar auditining o’ziga xos xususiyati shunda ediki, auditor e’tibori nafaqat mulk inventarizatsiyasi va hisoblar nazoratiga, balki avvalo u yoki bu bitim natijalari hisob-kitobiga qaratilgan. Hisob-kitoblarga tuzatish kiritilib, boshqaruvchi o’z xo’jayini (lord) oldida hisob berishi kerak bo’lgan summa oshirilgan holatlar tez-tez qayd qilingan. Hisob, nazorat va analitik funktsiyalarning o’zaro aloqasi mavjud. Buxgalteriya hisobining tarkibiy qismi sifatida tizimlashtirilgan iqtisodiy tahlil asoschisi frantsuz Jak Savari (1622-1690) e’tirof etiladi. U sintetik va analitik hisob tushunchasini joriy qilgan (shuningdek, uni haqqoniy ravishda boshqaruv hisobi va ishlab chiqarishni boshqarish haqidagi fan otasi deb sanaydilar). Albatta, iqtisodiy tahlil elementlarining shakllanishi va ulardan foydalanish o’sha vaqtda boshqa mamlakatlar, xususan, Italiyada ham kuzatilgan. Masalan, A.Pietro tadrijiy byudjet ajratmalarini haqiqatdagi xarajatlar bilan taqqoslash metodologiyasini tadqiq qilgan. B.Venturi korxonalarning o’n yillik xo’jalik faoliyati ko’rsatkichlarining dinamik qatorlarini shakllantirib tahlil qilgan. XIX asrda italiyalik buxgalter Juzeppe Cherboni (1827-1917) tomonidan Savari g’oyalari chuqurlashtirilib, buxgalteriya hisobini sintetik qo’shish va analitik ayirish to’g’risida ta’limot yaratildi. XIX oxirlari –XX asr boshlarida hisob haqida betakror tushuncha – balansshunoslik paydo bo’ldi. U uch asosiy yo’nalish bo’yicha rivojlangan: 1) balansning iqtisodiy tahlili; 2) balansning yuridik tahlili; 3) foydalanuvchilar orasida balans haqida bilimlarni ommalashtirish. Birinchi yo’nalishni I. Sher, P. Gerstner va F. Lyaytner rivojlantirgan. Xususan, Gerstner qisqa va uzoq muddatli majburiyatlar nisbati, avanslangan kapitalning 50% i miqdorida qarz mablag’larining yuqori chegarasini belgilash, moliyaviy holat va likvidlikning o’zaro aloqasi haqida balansning analitik tavsifi tushunchasini muomalaga kiritdi. Ikkinchi yo’nalishning rivojlanishiga R. Baygel, E. Remer. K. Portsig va boshqa olimlar salmoqli hissa qo’shdilar. Mazkur yo’nalish doirasida keyinchalik buxgalteriya taftishi nazariyasi va amaliyoti ishlab chiqildi. Uchinchi yo’nalish ham asosan nemis olimlari: Brozius, Guber, Shenvandt va boshqalar tomonidan ishlab chiqilgan. Rossiyada balans tahlili haqida fan taraqqiysi XX asrning birinchi yarmiga to’g’ri keladi. A.K. Roshchaxovskiy (1910) iqtisodiy tahlil o’rni va uning buxgalteriya hisobi bilan o’zaro aloqasini haqqoniy baholab bergan ilk rus buxgalteri hisoblanadi. O’tgan asrning 20-yillarida balansshunoslik nazariyasi, xususan, balans tahlili metodikasi A.P. Rudanovskiy, N.A. Blatov va I.R. Nikolaev ishlarida qat’iy shakllantirildi. O’zbekistonda iqtisodiy tahlil rivojlanish tarixini quyidagicha davrlashtirish mumkin: 1) Turkistonda iqtisodiy tahlil ahvoli; 2) Inqilobdan keyingi davrda iqtisodiy tahlil rivojlanishi; 3) Bozor sharoitida iqtisodiy tahlil. Xususiy kapitalistik korxonalar va ularning monopol birlashmalarining xo’jalik faoliyati tahlili asosan balans likvidligini tahlil qilish, aktiv va passiv moddalarini baholashdan iborat bo’lgan. Lekin Turkistonning ayrim sanoat tarmoqlari chet el kapitali bilan hamkorlikda faoliyat yuritganligi bilan bog’liq ravishda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Bu erda buxgalteriya hisobi va hisoboti faqatgina nemis, ingliz va frantsuz tillaridagi namunalar bo’yicha yuritilmagan. Odatda, balanslar har doim ham haqiqiy manzarani aks ettirmagan. Davlat monopoliyalari daromadlari, xarajatlari va foydasini tahlil qilish metodikasi, uning asosiy qirralarini monopolistlar quyidagicha tavsiflagan: 1) daromadlar va xarajatlar umumiy va moddalar bo’yicha tahlil qilingan; 2) xarajatlar ikki bo’limdan iborat bo’lgan – mahalliy boshqaruv tasarrufi va xo’jalik yuritishiga bog’liq bo’lmagan xarajatlar va ularga u yoki bu darajada bog’liq bo’lgan xarajatlar; 3) daromadlar, xarajatlar va sof foyda mutlaq va nisbiy miqdorda ifodalangan; 4) daromadlar, xarajatlar hamda sof foyda haqida mutlaq va nisbiy ko’rsatkichlar (moddalar kesimida) dinamikada o’rganilgan (ketma-ket uch yil uchun); 5) tushuntirish matnlarida xulosaviy va qo’shimcha jadvallar keltirilgan. Turkiston iqtisodiyotida kooperativ faoliyat ancha sezilarli bo’lgan. Tahlil zarurati, unga tabiiy ehtiyoj kooperativ mulkchilik shaklining o’zi bilan shartlangan edi (xo’jalik-moliyaviy faoliyat natijalari haqida kooperativ a’zolari oldida muntazam hisobot). Tahlil jarayonida xo’jalik faoliyatining moliyaviy natijalarini tavsiflovchi ko’rsatkichlarga asosiy e’tibor qaratilgan. Ishlarni iqtisodiy yuritishda tadbirkorlar sof foydani oshirish manbasini ko’zda tutardilar. XX asr boshida iqtisodiy tahlilning fan sifatida shakllanishi va rivojlanishining inqilobdan keyingi davrida ikki holatga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq: birinchidan, fanning nazariy masalalarini ishlab chiqish, ikkinchidan, ularni amaliyotda qo’llash. Bu davrda balans tahliliga bag’ishlangan maxsus asarlar paydo bo’lib, ular yaqqol metodik yo’nalishga ega edi va buni xo’jalik faoliyati tahlili taraqqiyotining boshlang’ich nuqtasi sifatida qabul qilish mumkin. XX asrning 30-yillarida xo’jalik faoliyati tahlili kursi oliy ta’lim muassasalari dasturlariga kiritildi, xo’jalik faoliyati tahlili bo’yicha ilk darslik va qo’llanmalar paydo bo’ldi. Ularning mualliflari M.I.Veysman, S.K.Tatur, M.I.Bakanov kabilar edi. Aynan shu yillarda xo’jalik faoliyati tahlilining fan sifatida shakllanishi sodir bo’ldi va u korxonalar iqtisodiyotini kompleks tizimli o’rganish hamda mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish zaxiralarini qidirish uchun amaliyotda keng qo’llanila boshlandi. Ikkinchi jahon urushidan oldingi yillarda iqtisodiy tahlil masalalari bo’yicha taxminan uch yuzga yaqin kitob va olti yuzdan ziyod ilmiy maqola nashr qilingan. Urush yillarida buxgalteriya hisobini qayta qurish, urush davri talablariga mos xo’jalik faoliyati tahlili va nazorati yuqorida tilga olingan hamda boshqa mualliflarning asarlarida o’z aksini topdi. Urushdan keyingi davrni tahlilning nazariy masalalarini asoslangan tarzda ishlab chiqish davri sifatida tavsiflash mumkin. Ayni vaqtda tahlil uzviy ravishda ham korxonalar, ham milliy iqtisodiyot darajasida xo’jalik boshqaruvi amaliyotiga kiritiladi. Asta-sekin iqtisodiy tahlilning metodologiyasining mustaqil yo’nalishlari ishlab chiqiladi: qiyosiy, texnik-iqtisodiy, operativ, iqtisodiy-matematik, funktsional-qiymat va hokazo. M. I.Bakanov, A. D. Sheremet, S.B. Barngolts, V.F Paliy, I.I. Poklad, P.I. Savichev, I.I Karakoz, E.V. Dolgopolov, M.F. Dyachkov, A.Sh. Margulis, A.I. Muravev, V.I. Samborskiy, N.V. Dembinskiy, G.M. Tatsiy, N.G. Chumachenko, V.I. Strajev, S.G. Ovsyannikov, N.A.Rusak, L.I. Kravchenko, B.I. Maydanchik, R.S. Sayfulin, A.F. Aksenenko, G.V. Savitskaya kabi rus iqtisodchi olimlari bilan bir qatorda iqtisodiy tahlil metodologiyasi rivojiga N.A. Xan, Ayrumov, I.B. Galleev, O. Maxmudov, I.N. Toporovskiy, B.A. Zalesskiy, M.R. Rixsiev, R.R. Radjapov, I.T. Abdukarimov, M.Q.Pardaev kabi o’zbekistonlik olimlar ham munosib hissa qo’shdilar (1960-1970 yillar). Nazariy jihatdan puxta ishlab chiqilgan fan sifatida iqtisodiy tahlil rivojlanish bosqichida hisoblanadi. Boshqaruv qarorlarini optimallashtirishga imkon beruvchi matematik usullarni yanada keng qo’llash borasida tadqiqotlar olib borilmoqda. Mahalliy va xorijiy fanning nazariy yutuqlarini amaliyotga joriy qilish jarayoni davom etmoqda. Ushbu jarayonda mamlakatimizning iqtisodchi olimlaridan A. Vahobov, A. Sotvoldiev, B. Hasanov, R.Rajabov, shuningdek, Toshkent moliya institutining respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan “Moliyaviy tahlil” kafedrasining professor-o’qituvchilari A. Ibroximov, A. Abdug’aniev, T. Shog’iyosov, X.Ahmadjonov, Sh. Shoyoqubov, G. Ibragimov, M. Raximov, N. Ishonqulov, Z.Sagdillaeva kabi olimlari faol ishtirok etmoqda. Iqtisodiy tahlilni nazariy jihatdan rivojlantirish istiqbollari unga yaqin fanlar, birinchi navbatda, matematika, statistika, buxgalteriya hisobi va boshqalarning rivojlanishiga bog’liq. Bundan tashqari, tahlil taraqqiyoti amaliyot talablariga ham uzviy bog’langan. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida u amaliyotda keng qo’llanilmadi, chunki joylarda boshqaruv qarorlarini asoslash zarurati mavjud emas edi, barcha qarorlar yuqoridan belgilab berilgan. Bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida iqtisodiy mexanizmni takomillashtirish, korxonalar va mulkchilik shakllari raqobati mazkur fanga bo’lgan qiziqishni ortishiga olib keldi. 2. Iqtisodiy fanlar tizimida iqtisodiy tahlilning o’rni Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash sharoitida korxonalar boshqaruvida tahlilning ahamiyati ortadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tgunga qadar rejali iqtisodiyot talablariga javob beruvchi iqtisodiy tahlil tizimi mavjud edi. Axborotlarning asosiy iste’molchisi tarmoq vazirliklari va idoralari, statistika va moliyaviy organlar qiyofasida davlat hisoblanardi. Barcha iqtisodiy fanlar, jumladan iqtisodiy tahlil iqtisodiyotda, ijtimoiy munosabatlarda, fuqarolik-huquqiy muhiti va boshqa sohalarda sodir bo’lgan o’zgarishlarga bo’ysunadi. Raqobatdosh iqtisodiyot sharoitida yangi axborotdan foydalanuvchilar, biznesni tashkil qilish va yuritishning yangi shart-sharoitlari vujudga keladi. Ishlab chiqarish munosabatlari barcha iqtisodiy fanlar uchun umumiy o’rganish ob’ekti hisoblanadi. Shuning evaziga barcha iqtisodiy fanlar bir tizimga birlashadi, bunda ularning har biri boshqasidan farqlanuvchi o’z predmetiga ega bo’ladi. Ishlab chiqarish munosabatlari va iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi ta’sirida alohida iqtisodiy sub’ektlar moliyaviy-xo’jalik faoliyatini tahlil qilish ahamiyati ham tobora ortib boradi. Fanlar rivojlanishi bilan uning tarmoqlari differentsiatsiyasi sodir bo’ladi. Ijtimoiy fanlar differentsiatsiyasi natijasida iqtisodiy tahlil shakllangan. Avval iqtisodiy tahlilning alohida shakllari asosan balansshunoslik, buxgalteriya hisobi va statistika kabi hisob fanlariga taalluqli bo’lgan. Lekin korxonalarda iqtisodiy ishlar chuqurlashuvi ta’sirida tahlilni maxsuslashtirilgan bilimlar tizimi sifatida ajratish zarurati yuzaga keldi, chunki hisob fanlari amaliyotning barcha talablariga javob berishga qodir emas edi. Mustaqil fanni shakllantirgan iqtisodiy tahlil qator holatlarda statistika, rejalashtirish, buxgalteriya hisobi, matematika va boshqa unga bevosita bog’liq fanlarga oid ma’lumotlardan kompleks va tizimli ravishda foydalanadi. Iqtisodiy tahlil iqtisodiyot nazariyasi bilan uzviy aloqaga ega. Ma’lumki, iqtisodiyot nazariyasi barcha iqtisodiy fanlar taraqqiyotining nazariy asosi hisoblanadi va iqtisodiy qonuniyatlar, ularning ta’sir mexanizmlarini o’rganadi. Analitik tadqiqotlar o’tkazishda ushbu qonuniyatlar ta’sirini hisobga olish zarur. O’z navbatida, iqtisodiy tahlil muayyan tarzda iqtisodiyot nazariyasi rivojlanishiga ta’sir ko’rsatadi. Ko’p sonli analitik tadqiqotlar u yoki bu iqtisodiy qonuniyatlar namoyon bo’lishi haqida ma’lumotlarni o’zida jamlaydi. Ushbu ma’lumotlarni o’rganish yangi, oldin ma’lum bo’lmagan qonuniyatlarni ifodalash, korxona, mamlakat yoki jahon iqtisodiyoti taraqqiyotining global prognozlarini qilishga imkon beradi. Iqtisodiy tahlil maxsus fan sifatida iqtisodiy munosabatlar tizimi hamda xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyat qonuniyatlarini yorituvchi boshqa iqtisodiy fanlar bilan chambarchas bog’langan. Bulardan biri tarmoqlar iqtisodiyoti hisoblanib, u ham iqtisodiy fanlarning metodik va metodologik asosi sanaladi. Iqtisodiyotni bilmay turib xo’jalik faoliyatining izchil tahlilini amalga oshirishning iloji yo’q. Iqtisodiyot taraqqiyotning umumiy va o’ziga xos qonuniyatlarini o’rganadi, samarali va oqilona xo’jalik yuritish yo’llari va usullarini ilmiy asoslaydi. Iqtisodiy tahlil umumiy va o’ziga xos iqtisodiy qonuniyatlar hamda tushunchalar talablariga muvofiqlik nuqtai nazaridan korxonalar faoliyati rivojlanishini o’rganadi. Hozirgi sharoitda iqtisodiy tahlilning boshqa fanlar bilan o’zaro aloqasini ko’rib chiqish zarurati shunga bog’liqki, rivojlanayotgan va amaliy talab yuqori fan sifatida tahlil “Moliya nazariyasi”, “Moliya”, “ Moliyaviy menejment” kabi turli moliyaviy fanlarning asosiy instrumenti va mazmuniga aylandi. Lekin professional darajada iqtisodiy tahlil o’tkazish uchun tahlilning aniq maqsadlariga mutanosib javob beruvchi uslubiyot bilan birga axborot bazasini chuqur anglash ham talab etiladi. Tahlilda foydalaniladigan axborotlarning salmoqli qismi buxgalteriya hisobi tizimida shakllanadi. Iqtisodiy tahlilni o’tkazish uchun buxgalteriya hisobidan tashqari boshqaruv va moliyaviy hisobotlar ham axborot bazasi hisoblanadi. 3. Iqtisodiy tahlilning asosiy tamoyillari Iqtisodiy tahlil umumqabul qilingan tamoyillarga qat’iy asoslanishi lozim. Korxonalarning xo’jalik faoliyati tahlilida tamoyillar bilimning turli jabhalari uchun qo’llaniladi: ob’ektivlik, ilmiylik, tizimlilik, aniqlik, komplekslilik, muntazamlik, taqqoslanuvchanlik. Ixtiyoriy darajadagi xo’jalik faoliyati tahlilini olib borishda ularga asoslanish talab qilinadi. Ob’ektivlik tamoyili tadqiq etilayotgan hodisa, vaziyat, jarayonlar tekshirilgan va ishonchli iqtisodiy axborotlar tizimida ifodalangan ob’ektiv voqelikni aks ettirishi lozim. Ilmiylik tamoyili tahlil o’tkazishda ilmiy asoslangan metodika va tartiblarga tayanish lozimligini anglatadi. Tizimlilik tamoyili – tadqiq etilayotgan jarayonlar, iqtisodiy hodisalar, xo’jalik operatsiyalari bir-biri bilan o’zaro aloqadorlikda, yagona tizimda o’rganilishini anglatadi. Aniqlik tamoyili o’rganilayotgan iqtisodiy hodisa va jarayonlar konkret real ma’lumotlarga asoslanishi lozim, natijalar esa aniq analitik hisob-kitoblarga asoslanadi. Komplekslilik tamoyili tizimli tahlilning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi va butun va uning qismlariga dialektik yondashuv sifatida ko’rib chiqiladi. Tahlil va sintez birligi haqida mulohazalarga tayangan holda hodisa va jarayonlarning barcha jihatlari ichki aloqadorlikda hamda omillar ta’sirida o’rganish asosida xo’jalik faoliyati haqida aniq bilimlarga ega bo’lish va uni to’g’ri baholash mumkin. Demak, kompleks yondoshuv faoliyatning barcha jihatlarini qamrab olish, korxonalar iqtisodiyotidagi sabab bog’lanishlarini har tomonlama o’rganishni talab qiladi. Muntazamlik tamoyili hodisadan hodisagacha emas, balki oldindan belgilangan vaqt oralig’ida doimiy ravishda, uzluksiz tahlil olib borilishini talab qiladi. Amaliylik tamoyili korxonalar faoliyatida kamchilik va xatoliklarni o’z vaqtida aniqlash va kelgusida bu holatlarga yo’l qo’ymaslikni anglatadi. Ishlab chiqilgan tavsiyalar belgilangan natijalarga erishish maqsadida yo’l qo’yilgan kamchiliklarni bartaraf etishga yo’naltiriladi. Taqqoslanuvchanlik tamoyili taqoqslanuvchanlik shartiga rioya qilinishini talab qiladi. Taqqoslanuvchanlik ta’minlanishi uchun taqqoslanayotgan davrlarda ko’rsatkichlar o’lchanishi va aks ettirilishi yagona uslubiyot bo’yicha amalga oshirilishi lozim. Korxonalar faoliyatini tavsiflovchi axborot barcha ma’lumotdan foydalanuvchilar uchun tushunarli, ixcham, qulay va qayta ishlashda tushunarli bo’lishi lozim. Mutanosib axborot manbalarida aks ettirilgan ma’lumotlar va natijalar foydali, mazmunli va turli hisobot davrlari uchun taqqoslanuvchan bo’lishi darkor. 4. Iqtisodiy tahlilning mazmuni Tahlil (uni xo’jalik faoliyatiga bog’lamasdan va mustaqil fan sifatida ajratmay) azaldan mavjud va insoniyatning jami ilmiy va amaliy faoliyati asosida yotuvchi ancha keng tushuncha hisoblanadi. Tahlil ob’ekt va hodisalarni qismlarga ajratib o’rganish jarayonini o’zida aks ettiradi. Tahlilga teskari jarayon sifatida sintez namoyon bo’lib, u bilan tahlil ko’pincha amaliy yoki bilish faoliyatida uyg’unlashadi. O’rganilayotgan ob’ekt turi, uning strukturasi murakkabligi, o’rganilayotgan jarayonning mavhumlik darajasi va ularni amalga oshirish usullariga bog’liq ravishda tahlil turli shakllarda namoyon bo’ladi, jumladan ko’pincha ham tabiiy, ham ijtimoiy fanlar(kimyoviy tahlil, matematik tahlil, biologik tahlil, iqtisodiy tahlil)da tadqiqot so’zining sinonimi hisoblanadi. Iqtisodiy tahlil fan sifatida ob’ektiv iqtisodiy qonuniyatlar hamda ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida yuzaga kelgan iqtisodiy jarayonlarni tadqiq qilish bilan bog’liq maxsus bilimlar tizimini o’zida aks ettiradi. Boshqaruv funktsiyasi sifatida rejalashtirish, hisob, tahlil va boshqaruv qarorlari o’zaro chambarchas bog’langan. Tahlil boshqaruv qarorlarini qabul qilishning ilmiy asosi hisoblanadi, uning yordamida iqtisodiy rivojlanish tendentsiyalari o’rganiladi, faoliyat natijalarining o’zgarishi omillar asosida tadqiq qilinadi, biznes-rejalar va boshqaruv qarorlari asoslanadi, ularning ijrosi ustidan nazorat amalga oshiriladi, samaradorlikni oshirish zaxiralari aniqlanadi. Yuqorida aytib o’tilgan boshqaruv funktsiyalarisiz hech qanday boshqaruv qarorini qabul qilish mumkin emas. Amaliy iqtisodiy fanlar tizimida markaziy o’rinni egallovchi iqtisodiy tahlil bevosita xo’jalik faoliyati bilan bog’liq qator o’ziga xos funktsiyalarni bajaradi. Iqtisodiy qonuniyatlar namoyon bo’lishini o’rganish, korxonalarning aniq sharoitida iqtisodiy hodisalar va jarayonlarning qonuniyatlari hamda tendentsiyalarini aniqlash, ularni tadqiq qilish asosiy funktsiyalardan biri hisoblanadi. Masalan, talab va taklif qonuniyati. Talab o’ta harakatchan va o’zgaruvchan, chunki uning miqdori va dinamikasiga ham iqtisodiy, ham ijtimoiy tusdagi ko’p sonli omillar ta’sir qiladi. Tovarga talabning o’zgarishiga, misol tariqasida olsak, reklamadan foydalanish, moda, afzal ko’rish, atrof-muhit, did, tovarlar hammabopligi, daromadlar miqdori, buyum foydaliligi, o’rnini bosuvchi tovarlar uchun narxlar, aholi soni o’zgarishi ta’sir etishi mumkin. Tahlilning keyingi muhim funktsiyasi joriy va istiqboldagi rejalarni ilmiy asoslash hisoblanadi. Ilmiy asoslangan reja korxonalar faoliyati samarasini baholash mezoni sanaladi. O’tgan yillar (5-10 yil) uchun korxonalar faoliyat natijalarini iqtisodiy tahlil qilmasdan, istiqbol uchun asoslangan prognozlashsiz va korxonalar iqtisodiyotining rivojlanish qonuniyatlarini o’rganmay turib, o’ziga xos ahamiyatga ega bo’lgan kamchilik va xatoliklarni aniqlamasdan ilmiy asoslangan rejani ishlab chiqish, boshqaruv qarorlarining optimal variantini tanlashning iloji yo’q. Rejalashtirish zamonaviy korxonalarda moliyaviy resurslar, birinchi navbatda, pul mablag’lari bilan bog’liq, ular oxir-oqibatda moddiy, mehnat va boshqa resurs turlariga o’zgaradi. Korxonalarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi ulardan samarali foydalanishga bog’liq bo’ladi. Shuning uchun ishlab chiqarish, sotish va investitsion rejalarni professional darajada tayyorlash bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun eng muhim omil hisoblanadi. Rejalar va boshqaruv qarorlari bajarilishi, resurslardan tejamli foydalanish ustidan nazorat korxona uchun muhim ahamiyat kasb etadi va tahlilning asosi y funktsiyalaridan biri sanaladi. Rejalar bajarilishini baholash rejada ko’zda tutilgan xo’jalik operatsiyalarini bajarish muddati tugashi bo’yicha amalga oshiriladi. Erishilgan natijalarni baholashda kamchilik va xatolar aniqlanadi, ularni bartaraf etish bo’yicha tezkor qarorlar qabul qilinadi. Iqtisodiy tahlil real foyda keltirganda o’zini oqlaydi. Iqtisodiy tahlilning haqiqiy nafi ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida foydalanilmagan zaxiralarni aniqlashdan ham iborat. Iqtisodiy tahlilning muhim funktsiyalaridan biri – resurslardan samarali foydalanishdagi foydalanilmagan zaxiralarni aniqlash, ishlab chiqarish jarayonining samaradorligini oshirish hamda fan va amaliyot yutuqlari, ilg’or tajribalar o’rganilishini hisobga olgan holda korxonani muvaffaqiyatli rivojlantirish va daromadlilik darajasini oshirish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat. Iqtisodiy adabiyotlarda iqtisodiy tahlil tasnifida texnik-iqtisodiy tahlil, moliyaviy-iqtisodiy tahlil, boshqaruv tahlili, ijtimoiy- iqtisodiy tahlil, iqtisodiy- statistik tahlil, iqtisodiy-ekologik tahlil va marketing tahlili kabilar o’rin olgan. Iqtisodiy tahlil boshqaruv ob’ekti (xo’jalik faoliyati)ning asosiy va yirik bo’limlari hisoblanadi. Iqtisodiy tahlilni tashkil qilish, ob’ektlari, vazifalarni echish usullari o’ziga xoslikka ega. Moliyaviy-iqtisodiy tahlil (korxonaning moliya xizmati, moliya va kredit organlari) korxona faoliyati natijalariga: moliyaviy reja bajarilishi, o’z va qarz kapitaldan foydalanish samaradorligi, foyda miqdorini oshirish zaxiralarini aniqlash, rentabellik o’sishi, korxonaning moliyaviy ahvoli va to’lov qobiliyati yaxshilanishi kabilarga asosiy e’tibor qaratadi. Buxgalteriya hisoboti ma’lumotlariga asoslanuvchi moliyaviy tahlil tashqi tahlil hisoblanadi va quyidagi xususiyatlarga ega: – tahlil sub’ektlari (axborotlardan foydalanuvchilar) ko’pligi; – tahlil sub’ektlari maqsad va manfaatlari rang-barangligi; – hisob va hisobotning namunaviy metodikalari, standartlari mavjudligi; – tahlilning faqat korxonaning ommaviy hisobotiga yo’nalganligi; – korxona faoliyati haqida axborotlardan foydalanuvchilar uchun natijalarning maksimal oshkoraligi. Moliyaviy (tashqi) tahlil jarayonida quyidagilarni aniqlash bo’yicha hisob- kitoblar amalga oshiriladi: – foyda, tushum va xarajatlarning mutlaq ko’rsatkichlari; – rentabellikning nisbiy ko’rsatkichlari; – bozor barqarorligi, balans likvidligi, korxona to’lov qobiliyati; – o’z kapitaldan foydalanish samaradorligi; – qarz mablag’lardan foydalanish samaradorligi; – kapitalni avanslash samaradorligi (investitsion tahlil); – korxonaning moliyaviy ahvoli va emitent korxonaning reyting bahosining iqtisodiy diagnostikasi. Boshqaruv tahlili korxonaning barcha xizmatlari tomonidan olib borilib, bunda rahbariyatga rejalashtirish, nazorat, optimal boshqaruv qarorlari qabul qilish, moliyaviy siyosat masalalari bo’yicha strategiya va taktika ishlab chiqish, marketing faoliyati, sovershenstvovaniya ishlab chiqarishni tashkil qilish, texnika, texnologiyasi uchun zaruriy axborotlarni taqdim etish maqsad qilinib, operativ xarakterga ega. Uning natijalari esa tijorat siri hisoblanadi. Boshqaruv tahliliga xos xususiyatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: – tahlil natijalarining korxona rahbariyatiga yo’nalganligi; – tashqaridan tahlilni tartibga solish mavjud emasligi; – korxona faoliyatini, moliyaviy va texnik jihatlarini o’rganish, tahlil qilish majmuaviyligi; – hisob, tahlil, rejalashtirish va qaror qabul qilish integratsiyasi; – tijorat sirini saqlash maqsadida tahlil natijalari maxfiyligi. Boshqaruv yoki ichki xo’jalik ishlab chiqarish tahlili predmeti quyidagilar hisoblanadi: – biznes-rejani asoslash; – marketing tizimi; – xo’jalik faoliyati samaradorligining kompleks iqtisodiy tahlili; – texnik-tashkiliy daraja va ishlab chiqarishning boshqa shart-sharoitlari; – ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish samaradorligi; – mahsulot ishlab chiqarish va sotish; – tannarx, mahsulot hajmi va foydaning o’zaro aloqasi. Rivojlangan bozor iqtisodiyoti tahlilni ichki boshqaruv va tashqi moliyaviy tahlilga differentsiatsiyalash ehtiyojini yuzaga keltiradi. Ichki boshqaruv tahlili – boshqaruv hisobining tarkibiy qismi, ya’ni korxona rahbariyati, ma’muriyatining axborot-analitik ta’minotidir. Tashqi moliyaviy tahlil esa moliyaviy hisobning tarkibiy qismi sanaladi. Shunday qilib, iqtisodiy tahlil moliya-xo’jalik faoliyatini boshqarish tizimining muhim elementi hisoblanadi, undan investitsion loyihalarni baholashda oldindan prognozlash varianti sifatida; moliyaviy shart-sharoit va natijalarni prognozlash instrumenti sifatida; ishlab chiqarishni boshqarishdagi joriy muammolarni aniqlash; har bir faoliyat yuritayotgan ob’ektga tegishli ichki zaxiralarni aniqlash, korxonaning moliyaviy ahvolini baholash maqsadida foydalanish mumkin. Iqtisodiy tahlil o’tkazish jarayonida muhim aloqa va tavsiflarni aniqlash, iqtisodiy ma’lumotlarni axborotga aylantirish maqsadida analitik vositalar tizimi hamda turli iqtisodiy va moliyaviy hujjatlar ko’rsatkichlarini o’rganish usullaridan foydalaniladi. Analitik jarayon va baholash uchun qanday turdagi hisobot manba sifatida xizmat qilishiga bog’liq ravishda iqtisodiy tahlil turkumlanadi (1-chizma). Iqtisodiy tahlil Korxona faoliyati moliyaviy tahlili Korxona faoliyati boshqaruv tahlili Buxgalteriya va Moliyaviy hisobot Buxgalteriya hisobi va boshqaruv hisobi ma’lumotlari bo’yicha hisoboti ma’lumotlari hamda hisoboti tashqi moliyaviy tahlil bo’yicha ichki moliyaviy ma’lumotlari bo’yicha tahlil ichki boshqaruv tahlili 1-chizma. Iqtisodiy tahlilning turkumlanishi 5. Iqtisodiy tahlilning predmeti va vazifalari Ixtiyoriy fan asosini uning predmeti tashkil qiladi. Fan predmeti mazkur fan nimani o’rganishini, metodi esa – qanday o’rganishini, ya’ni ushbu tadqiqot predmetini o’rganishda qanday uslublardan foydalanilishini ko’rsatadi. Iqtisodiy tahlil fan sifatida quyidagilar bilan bog’liq maxsus bilimlar tizimini o’zida aks ettiradi: – ob’ektiv iqtisodiy qonunlar va sub’ektiv tusdagi omillar ta’siri ostida yuzaga keluvchi o’zaro aloqadorlikdagi iqtisodiy jarayonlar tadqiqi; – biznes-rejalarni ilmiy asoslash va ularning bajarilishini ob’ektiv baholash; – ijobiy va salbiy omillarni aniqlash hamda ularning ta’sirini miqdoriy o’lchash; – xo’jalik taraqqiyoti tendentsiyalari va proportsiyalarini oydinlashtirish, foydalanilmagan ichki xo’jalik zaxiralarini aniqlash; – ilg’or tajribani umumlashtirish, optimal qarorlar qabul qilish. Iqtisodiy tahlil korxonalardagi iqtisodiy ishlardan iborat iqtisodiy fanlarning muhim qismi hisoblanadi. U o’z predmeti, ob’ekti va iqtisodiy jarayonlar, hodisalar, vaziyatlarni tadqiq qilish usullariga ega. Ixtiyoriy fan, jumladan iqtisodiy tahlil predmetini ta’riflash murakkab vazifa. Mazkur muammo o’n yillar davomida ishlab chiqilmoqda, lekin predmetni ta’riflash bo’yicha yagona va yakuniy nuqtai nazar hozircha mavjud emas. Iqtisodiy tahlil predmetining adabiyotlarda tez-tez uchraydigan va ozmi-ko’pmi uning mohiyatiga mutanosib bo’lgan mavjud ta’riflarini olimlar quyidagicha guruhlaydi: – korxonalarning xo’jalik faoliyati; – xo’jalik jarayonlari va hodisalari. Ayni bir ob’ekt turli fanlarda turli jihatdan ko’rib chiqilishi mumkin. Qayd qilish joizki, tahlil jarayon sifatida xo’jalik faoliyatining o’zini emas, balki iqtisodiy jarayonlar oqibati sifatida xo’jalik yuritish natijalarini o’rganadi. Iqtisodiy tahlil predmetini ta’riflashda professor S.B. Barngolts va professor A.D. Sheremet tadqiqotlari muhim o’rin tutadi. Ularning nuqtai nazariga ko’ra, moliyaviy va ishlab chiqarish faoliyati ajralmas o’zaro aloqadorlikda o’rganiladi va xo’jalik faoliyatini tahlil qilishda kompleks yondashuv talab qilinadi. Iqtisodiy tahlil predmeti deganda, professor A.D. Sheremet ta’rificha, korxonalar, birlashmalar, assotsiatsiyalarning xo’jalik jarayonlari, iqtisodiy axborotlar tizimida o’z aksini topuvchi ularning ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida vujudga keluvchi faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi va yakuniy moliyaviy natijalari tushuniladi. Iqtisodiy tahlil nazariyasida mahalliy olimlarning ta’riflari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy tahlil muammolariga bag’ishlangan tadqiqotlar orasida professor M.Pardaev, professor A.V. Vahobov, professor A.T. Ibragimovlarning ishlari ayniqsa e’tiborga molik. Professor M.Pardaev nuqtai nazariga muvofiq, iqtisodiy tahlil predmeti ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida vujudga keluvchi xo’jalik faoliyati, korxonalar iqtisodiy ahvoli ko’rsatkichlarini yuksaltirish yo’llarini ishlab chiqish hisoblanadi. Mazkur muammoni ko’rib chiqishga yakun yasagan holda xulosa qilish mumkinki, iqtisodiy tahlil o’z predmeti sifatida xo’jalik sub’ektlarida ob’ektiv va sub’ektiv omillar ta’sirida sodir bo’lgan hamda ma’lum axborot tizimlarida aks etgan iqtisodiy hodisa va jarayonlar hamda ularning yakuniy natijalarini o’rganadi. Quyidagilar iqtisodiy tahlilning asosiy vazifalari hisoblanadi: 1. Iqtisodiy qonunlar ta’sir xarakterini o’rganish, korxonaning konkret shart-sharoitida iqtisodiy hodisalar va jarayonlarning qonuniyatlari va tendentsiyalarini aniqlash. 2. Joriy va istiqboldagi rejalarni ilmiy asoslash: o’tgan 5-10 yil uchun korxona faoliyat natijalarini chuqur iqtisodiy tahlil qilmasdan, istiqbol uchun asoslangan prognozlarsiz, korxona iqtisodiyoti rivojlanishidagi qonuniyatlarni o’rganmay turib, xato va kamchiliklarni aniqlamasdan ilmiy asoslangan rejani ishlab chiqish, boshqaruv qarorlarining optimal variantini tanlash mumkin emas. 3. Reja va boshqaruv qarorlari bajarilishi, resurslardan tejamli foydalanish ustidan nazorat qilish va erishilgan natijalarni baholash maqsadida tahlil nafaqat dalillar keltirish, balki xato va kamchiliklarni aniqlash hamda iqtisodiy jarayonlarga tezkor ta’sir qilish maqsadida olib borilishi lozim. Aynan shu sababga ko’ra tahlil tezkorligi va amaliyligini oshirish zarur. 4. Ob’ektiv va sub’ektiv, ichki va tashqi omillarning xo’jalik faoliyatiga ta’sirini o’rganish. 5. Samaradorlikni yuksaltirish zaxiralarini izlash, korxonaning ilg’or tajriba, fan va amaliyot yutuqlarini o’rganish asosida faoliyat yuritishi. 6. Iqtisodiyotning erishilgan darajasi, rejalar bajarilishi va ko’rsatkichlar dinamikasi asosida korxona faoliyati natijalarini baholash, mavjud imkoniyatlardan foydalanish va mahsulot hamda xizmatlar bozorida uning o’rnini aniqlash. 7. Moliyaviy va operatsion risklar darajasini baholash hamda ichki boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqish, korxonaning bozor pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida biznes daromadliligini yuksaltirish. 8. Aniqlangan zaxiralardan foydalanish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Use Quizgecko on...
Browser
Browser