Biologiya 11 (1) PDF - O'rta Ta'lim Darsligi
Document Details
Uploaded by TantalizingStrait6044
Secondary School No. 3
2018
A. G‘аfurоv, A. Abdukаrimоv, J. Тоlipоvа, О. Ishаnkulоv, М. Umаrаliyevа, I. Abdurахmonоvа
Tags
Summary
This textbook is for 11th-grade students in secondary schools of Uzbekistan. The book covers ecology and life science principles. It explores the interconnectedness of living organisms and their environment. The textbook's purpose is to provide comprehensive knowledge about biology and life processes, promoting ecological awareness.
Full Transcript
BIOLOGIYA О‘rta ta’lim muassasalarining 11-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari uchun darslik 1-nashr O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlagan «SHARQ» NASHRIYOT-MA...
BIOLOGIYA О‘rta ta’lim muassasalarining 11-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari uchun darslik 1-nashr O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasdiqlagan «SHARQ» NASHRIYOT-MATBAA AKSIYADORLIK KOMPANIYASI BOSH TAHRIRIYATI TOSHKENT – 2018 UO‘K 57(075.3)=512.133 KBK 28.0ya721 B – 70 М u а l l i f l а r: A. G‘аfurоv, A. Abdukаrimоv, J. Тоlipоvа, О. Ishаnkulоv, М. Umаrаliyevа, I. Abdurахmonоvа. T a q r i z c h i l a r: Q. Saparov – biоlоgiya fаnlаri doktori, professor; M. Ergаshеvа – A. Avlоniy nоmidаgi ХТХQТМОМI dоtsеnti, biоlоgiya fаnlаri nоmzоdi; B. Rахimоvа – Тоshkеnt shаhаr Yunusоbоd tumаnidаgi 105-sоnli umumtа’lim mаktаbi biоlоgiya fаni o‘qituvchisi. B – 70 Biologiya: Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinfi uchun darslik: 1-nashr / Mualliflar: A. G‘аfurоv, A. Abdukаrimоv, J. Тоlipоvа, О. Ishаnkulоv, М. Umаrаliyevа, I. Abdurахmonоvа. – T.: «Sharq», 2018. – 240 b. ISBN 978-9943-26-806-7 UO‘K 57(075.3)=512.133 KBK 28.0ya721 Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etildi. ISBN 978-9943-26-806-7 © A. G‘аfurоv, A. Abdukаrimоv, J. Тоlipоvа, О. Ishаnkulоv, М. Umаrаliyevа, I. Abdurахmonоvа. © «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati, 2018. SO‘ZBOSHI Hozirgi paytda insoniyat oldida turgan muhim vazifalardan biri tabiatdagi biologik xilma-xillikni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish sanaladi. Inson salomatligiga tahdid solayotgan allergik, yuqumli va epidemiologik kasalliklarning oldini olish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, suv va boshqa resurslarni tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish zarur. Kasallik va zararkunandalarga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini hamda yuqori mahsuldorlikka ega hayvon zotlarini yaratish lozim. Ushbu vazifalarni bajarish bugungi kunda o‘rta maktabda tahsil olayotgan, kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lishga bel bog‘lagan yoshlar zimmasiga yuklanadi. Mazkur muammolarni muvaffaqiyatli hal etishda tibbiyot, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishning nazariy asoslari bo‘lgan biologiya fanining qonuniyatlari, fan yangiliklari va qo‘lga kiritilgan yutuqlarni o‘rganish va amaliyotda qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir shaxs tabiat va uning tarkibiy qismlari, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan oqilona munosabatda bo‘lishi, tabiiy boyliklarni asrash, ko‘paytirish, tirik organizmlarning Yer yuzida tarqalishi, rivojlanishi, ularning yashash muhitiga moslanishi, muhit va boshqa tirik organizmlar bilan o‘zaro munosabatlari, sayyoramizdagi hayotga tahdid soluvchi omillar va ularni bartaraf etish tadbirlariga doir biologik qonuniyat va nazariyalarni o‘rganishi lozim. Mazkur bilimlar ekologik madaniyatni tarkib toptirishning asosi sanaladi. Ushbu darslik o‘rta ta’lim maktablarining davlat ta’lim standartlari talablari asosida tayyorlangan. Darslik mazmuni 10-sinfda o‘qitilgan biologiya o‘quv fanining mantiqiy davomi bo‘lib, 11-sinfda hayotning biogeotsenotik va biosfera darajasidagi umumbiologik qonunlar, organik olam filogenezini o‘rganishga bag‘ishlangan. Mavzu mazmunini diqqat bilan o‘qib chiqib, unda foydalanilgan shartli belgilar asosida berilgan topshiriqlarni bekam-u ko‘st bajarishingiz kelgusida shaxs sifatida shakllanish, ilmiy dunyoqarashni kengaytirish va ekologik tafakkurga ega bo‘lishingizga zamin tayyorlaydi. Mustaqil O‘zbekistonning komillikka intiluvchi farzandi sifatida fan asoslarini chuqur o‘zlashtirib, kelgusida biologiyadan egallagan kompeten- siyalaringizga asoslangan holda kasb tanlab, mustaqil hayotda o‘z o‘rningizni topishingizga ishonamiz. 3 I BOB. EKOLOGIYA VA HAYOT I bob mazmuni bilan tanishib, Siz: tirik organizmlarning tizimli tuzilishi, asosiy xususiyatlari va ahami yatini tavsiflay olishingiz; biologik sistemalarning iyerarxik tuzilishi va umumiy xossalarini tushuntira olishingiz; ekologiyaning vazifalarini tahlil qila olishingiz; tirik organizmlar tuzilish darajalarining o‘ziga xos jihatlarini o‘zaro qiyoslay olishingiz zarur. 1-§. BIOLOGIK TIZIMLAR. EKOLOGIYA – BIOLOGIK TIZIMLAR HAQIDAGI FAN Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Avvalgi sinfda o‘rgangan bilimlari ngizdan foydalanib, Yerdagi hayotning tuzilish darajalarini eslang. Hayotning har bir darajasining tuzilish va funksional birligini aniqlang. Hayotning har bir darajasida qanday biologik jarayonlar sodir bo‘ladi? Insoniyat paydo bo‘lgandan boshlab atrof-muhit, o‘simliklar va hayvonot olami, tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarning sirli tomonlarini o‘rgangan. Ulardan kelgusi hayotda foydalanish yuzasidan dastlabki tajribalarga ega bo‘la boshlagan. Dastlab tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarning o‘ziga xos tomonlari bo‘yicha alohida ma’lumotlar to‘plangan. Shu tariqa inson tafakkuri rivojlangan, mantiqiy fikr yuritish orqali tabiatdagi hayotning mohiyati, o‘simliklar va hayvonlar hayotidagi mavsumiy moslanishlar, tabiatda sodir bo‘ladigan hodisa va jarayonlarni tushunish imkoniyati yuzaga kelgan. Odamning tabiat va uning tarkibiy qismlariga bo‘lgan munosabati va tabiatdagi hodisa, jarayonlarning mohiyatini o‘rganishi ilmiy bilishning asosini tashkil qilgan. Ilmiy bilish inson tafakkurining oliy darajasi bo‘lib, ilmiy yangiliklar, kashfiyotlar avval ma’lum bo‘lmagan o‘simliklar va 4 hayvonlarning tuzilishi hayotiy jarayonlar, qonunlar va qonuniyatlarni yaratishga yo‘nalgan bo‘ladi. Shu tariqa inson o‘zini o‘rab turgan atrof- muhitni o‘rganishi natijasida yerda yashaydigan organizmlar, ularning hayotiga ta’sir qiladigan omillar haqida dastlabki ilmiy ma’lumotlar yuzaga kelgan. Antik davrda ilmiy bilimlarning birinchi shakli tabiat falsafasi edi. Tabiat falsafasining obyekti tabiatda sodir bo‘ladigan hodisalarni o‘rganish sanalgan. Tabiat falsafasi tabiat haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, XVI–XVII asrlarda tirik va anorganik tabiat haqidagi mustaqil fan – tabiiyotshunoslikning shakllanishiga imkon yaratdi. Tabiiyotshunoslik fani negizida o‘rganish obyekti, maxsus tadqiqot metodlariga ko‘ra fanlarning ixtisoslashishi vujudga keldi. Biologiyaning o‘rganish obyektlari tabiatning tirik materiyasi yoki organizmlardir. Biologiya tirik materiyaning tuzilishi, ularning hayot faoliyati, anorganik tabiat bilan o‘zaro aloqasini o‘rganadi. Tirik materiyaning sistemali tuzilishi. Tirik tabiat dunyosi turli xildagi, tuzilishi jihatidan turli murakkablik darajasiga ega biosistemalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Biologik sistema (biosistema) – o‘zaro aloqador va o‘zaro ta’sir ko‘rsata digan, muayyan funksiyani bajaradigan, rivojlanish, o‘z-o‘zini barpo etish va atrof-muhitga moslanish qobiliyatiga ega biologik obyektlarni o‘zida birlashtiradi. Masalan, gulli o‘simliklar ildiz, poya, barg, gul va meva kabi organlardan tashkil topgan biologik sistema. O‘simlik – yaxlit organizm, uning barcha vegetativ va generativ organlari o‘zaro aloqada bo‘lib, o‘simlikning ko‘payishi va tashqi muhitga moslanishini ta’minlaydi. Bu organizm darajasidagi biologik sistema sanaladi. Cho‘l turli bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar populatsiyalaridan iborat biologik sistemaga misol bo‘la oladi. Cho‘lda yashaydigan har xil turlarning populatsiyalari ham bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, ularning muhitdagi barqarorligi va rivojlanishini ta’minlaydi. Biologik sistemalarning iyerarxik tuzilishi. Tirik sistemalarning turli xil bir-biriga bog‘liq, o‘zaro aloqada bo‘lgan darajalari iyerarxik tuzilishdan iborat. Hayot tuzilishining yirik darajalari o‘zida kichik darajalarni tarkibiy qism sifatida mujassamlashtiradi va har bir tuzilish darajasining o‘zaro ta’siri ko‘lamiga qaram holda umumiy qonuniyatlarga bo‘ysunadi, ularning o‘zaro ta’siri tufayli umumiy xossalari paydo bo‘ladi. 5 Biosfera o‘zida yerning tirik organizm tarqalgan qobig‘i sifatida sayyoramizdagi barcha biogeotsenozlarni qamrab oladi. Biogeotsenoz o‘z navbatida ekologik jihatdan bir-birini to‘ldiradigan turli populatsiyalardan tashkil topgan. Populatsiyalar esa, avlodlari doimo almashinib turadigan individlardan tuzilgan. Individlar yaxlit organizm bo‘lib, ular organlar sistemalaridan, organlar sistemalari organlardan, organlar to‘qimalardan, to‘qimalar hujayralardan iborat. Tirik organizmlarning eng kichik birligi hujayra sanaladi. Hujayra alohida bir hujayrali organizm sifatida ham, shuningdek, ko‘p hujayrali organizmning bir qismi sifatida barcha hayotiy xossalarni namoyon etadi. Hujayra doimiy bo‘lishi shart bo‘lgan organoidlardan, tarkibi esa anorganik moddalar va makromolekulalardan tashkil topgan. Hujayrada boradigan hayotiy jarayonlar ularning tarkibidagi makromolekulalarning o‘zaro ta’siriga bog‘liq. Hayot darajalari biri ikkinchisiga asos bo‘lib, keyingi darajani vujudga keltirganligi sababli, iyerarxik (zinapoya ko‘rinishiga o‘xshash) tuzilish nomini olgan. Shunday qilib, tabiiy obyektlar va ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik ko‘lami va ta’sir doirasiga ko‘ra juda xilma-xil. Ularni o‘rganish uchun biologiyaning turli bo‘limlari alohida yondashuvlar va tadqiqot metodlarini ishlab chiqqan. Biologik sistemalar bir-biri bilan nafaqat kelib chiqishi jihatidan, balki ular o‘rtasida o‘zaro ta’sir orqali vujudga keladigan, shuningdek, tashqi muhit bilan munosabatlari orqali ham uzviy bog‘langan. Biologik sistemalar tabiatning tarixiy rivojlanish natijasi sanaladi. Ular o‘z-o‘zini boshqarish, rivojlanish, ko‘payish, tarkibiy qismlar o‘rtasida o‘zaro ta’siri barqarorligi va muvozanatning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Tabiatda tarixiy taraqqiyot natijasida vujudga kelgan biosistema mu vozanatining buzilishi ekologik sistemalar strukturasining o‘zgarishiga, ba’zi hollarda ularning nobud bo‘lishiga olib keladi. Tabiat va jamiyatning barqaror hamkorligi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik boshqarish, jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish muammosi paydo bo‘ldiki, bu insoniyat kelajagi uchun muhim hisoblanadi. Insoniyat jamiyatining mavjudligi va rivojlanishi hayot va tabiatning, tabiiy jamoa va tizimlarning rivojlanish qonunlarini chuqur anglash asosida shakllanishi kerak. Ekologiya fan sifatida. XX asrning boshlarida biologiya fanining yangi tarmog‘i – ekologiya vujudga keldi. Bu fan yuqorida keltirilgan muammolarni 6 hal etishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi. «Ekologiya» (yunoncha «oikos» – uy, boshpana, «logos» – fan, ta’lim berish) atamasi birinchi marta fanga 1866-yilda nemis olimi Ernest Gekkel tomonidan kiritilgan. Ekologiya ayrim individlarning rivojlanishi, ko‘payishi, yashashini, populatsiya va jamoalarining tarkibi hamda o‘zgarishlarini yashash muhitiga bog‘liq holda o‘rganadi. Ekologiya – organizmlarning o‘zaro va atrof-muhit bilan munosabatlari haqidagi fan. Dastlabki bosqichda ekologiya organizmlarning o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan fan bo‘lgan. Hozirgi vaqtda uning vakolat doirasi sezilarli darajada kengaydi. Organizmlardan tashqari, populatsiya, biotsenoz (jamoa), biogeotsenoz (ekotizimlar) va biosferani o‘z ichiga oladi. So‘nggi yillar davomida u ma’lumotlarni maqsadli yig‘ib, insoniyat, inson faoliyatining barcha sohalari – qishloq xo‘jaligi, sanoat, iqtisodiyot va siyosat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyatga nisbatan o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda. Ekologik bilimlar asosida tabiatni muhofaza qilishning samarali tizimi va tabiatni oqilona boshqarishni shakllantirish mumkin. Ekologiya fani zimmasiga qator vazifalar yuklangan: – har xil organizm guruhlarining atrof-muhit omillari bilan munosabati qonuniyatlarini o‘rganish; – biologik resurslardan oqilona foydalanish, odam faoliyati ta’sirida tabiat o‘zgarishlarini oldindan ko‘ra olish, tabiatda kechayotgan jarayonlarni boshqarish yo‘llarini o‘rganish; – zararkunandalarga qarshi kurashishning biologik usullarini yaratish; – sanoat korxonalarida chiqindisiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish; – organizmlarning tuzilishi, hayotiy faoliyati va harakatiga atrof-muhit ta’sirini o‘rganish; – tirik organizmlarning atrof-muhitga moslashishining ekologik mexa nizmlarini o‘rganish; – turning turli populatsiyalaridagi individlar sonining o‘zgarishiga nisbatan tashqi muhit ta’sirini o‘rganish; – biosferada yuz beradigan jarayonlarning barqarorligini ta’minlash maqsadida ularni tadqiq etish; – shaxsning egallaydigan kasbi va yoshidan qat’i nazar ularda ekologik dunyoqarash, ong, tafakkur va ekologik madaniyatni shakllantirish. Ekologik madaniyat inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan mas’uliyatli yondashuv asosida paydo bo‘ladi. 7 Ekologik madaniyatga jamiyat va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan ekologik ta’lim, ekologik ong va ekologik faoliyatning birligi sifatida qaraladi. Sayyoramizning hozirgi ekologik holati tabiatga yanada oqilona munosabatda bo‘lishni talab etadi. Bu esa jamiyatimizning har bir a’zosidan nafaqat keng ekologik bilim, balki tabiatga yangicha munosabatni rivojlantirish, tabiat va jamiyatning barqarorligini ta’minlovchi omillarni izlashga asoslangan ekologik dunyoqarashni shakl lantirishni taqozo qiladi. Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: ilmiy ko‘nikma, biosis tema, ekologiya, biogeotsenoz, jamoalar, biotsenoz, ekotizimlar, biosfera. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Biologik sistemaga ta’rif bering. 2. Iyerarxiya tamoyiliga rioya qilgan holda, jonli materiyani tashkil qilish da rajasini belgilang. 3. «Biotsenoz», «biogeotsenoz», «biologik sistema» o‘rtasidagi farqni tavsiflang. 4. Ekologiyaning zamonaviy ta’rifini bering. 5. Ekologiya qanday vazifalarni hal qilishi kerak? 6. Hayotning tuzilish darajasini ularni o‘rganadigan fanlar bilan juftlang. Ha yotning tuzilish darajalari: 1) biosfera; 2) organizm; 3) molekula; 4) hu jayra; 5) populatsiyalar; 6) to‘qima; 7) biogeotsenoz. Biologik fanlar: a) botanika; b) ekologiya; c) sitologiya; d) anatomiya; e) molekular biologiya; f) fiziologiya; g) gistologiya; h) zoologiya. O‘z fikringizni bayon eting. 1. Aniq misollar asosida zamonaviy inson uchun ekologik bilimlar zarurligini tushuntiring. 2. Insonning sanoat, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, transport sohasi va tabiatni muhofaza qilishda atrof-muhitga oid bilimlardan foydalanishiga misollar keltiring. 3. Ekologiya nafaqat fan, balki yangi turmush tarzi va hayotning yangi ko‘ri nishi ham, degan fikr bor. Uning ma’nosini tushuntiring. Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. Jadvalni to‘ldiring. Hayotning tuzilish Ushbu darajada yuz Tarkibiy qismlari darajasi beradigan jarayonlar Molekula Hujayra 8 Organizm Populatsiya Biogeotsenoz Biosfera Quyida berilgan obyektlarning tuzilish darajasini aniqlang. Obyektlar Tuzilish darajasi Yurak, jigar, o‘pka Sitoplazma, xloroplastlar, yadro Barg, ildiz, poya Quyon Delfinlar to‘dasi Yer sayyorasi va undagi hayot Xromoproteinlar Cho‘l Qon aylanish tizimi Xromosoma va genlar Amyoba, infuzoriya 2-§. EKOLOGIYANING RIVOJLANISHI, BO‘LIMLARI VA METODLARI Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Nima uchun insonga atrofdagi organizmlarning hayot tarzi haqidagi bilimlar zarur deb o‘ylaysiz? Bu bilimlardan qayerda foydalaniladi? Qanday ekologik muammolarni bilasiz? Nima uchun jamiyatning har bir a’zosi ekologik bilimlarga ega bo‘lishi kerak? O‘simlik va hayvonlarga atrof-muhit omillarining ta’sirini o‘rganish haqidagi dastlabki fikrlar qadimgi yunon faylasuf olimlarining asarlarida aks etgan. X–XII asrlarda O‘rta Osiyoning ulug‘ allomalari al-Xorazmiy, al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino asarlarida Yerning tuzilishi, dorivor o‘simliklar, hayvonlarning yashash joylari haqida ma’lumotlar berilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» nomli tarixiy 9 asarida O‘rta Osiyo va Hindistonning turli o‘simlik va hayvonlari, ularning tarqalishi, ko‘payish davrlari haqida ko‘pgina ma’lumotlar keltirgan. Tirik organizmlarning yashash muhitini batafsil va chuqur o‘rganish XIX–XX asrlarda boshlandi. Atrof-muhitning jonli organizmlar hayotiga ta’sirini o‘rganishni nemis olimi Aleksandr Gumbold boshlab berdi. U birinchi bo‘lib o‘simliklar hayotida muhit omillarining ahamiyatini o‘rgandi. XX asrning boshlarida botanika, zoologiya va boshqa tabiiy fanlarda ekologiya yo‘nalishi shakllandi. Asta-sekin tabiatni o‘rganishga ekologik yondashuv katta ahamiyat kasb eta boshladi. Bir qator mamlakatlarda ekologik muammolarni keng qamrab oluvchi asarlar chop etildi. Ekologiyaning rivojlanishida ingliz olimi A.Tensli shakllantirgan ekotizim konsepsiyasi va rus olimi V.N.Sukachev ilgari surgan biogeotsenoz nazariyasi muhim o‘rin tutadi. XX asrning 70-yillaridan boshlab insonning tabiatga ta’siri kuchayishi tufayli ekologik muammolar muhim ahamiyat kasb eta boshladi, «ekologiya» atamasi ham nisbatan kengroq ma’noda qo‘llanila boshlandi. Ekologiya bo‘limlari. Ekologiya biologik tizimlar turiga qarab quyidagi bo‘limlarga ajratiladi: autekologiya (faktorial ekologiya), demekologiya (populatsiyalar ekologiyasi), sinekologiya – (jamoalar ekologiyasi), biogeotse nologiya (ekotizimlar ekologiyasi), global ekologiya (biosfera ekologiyasi), evolutsion ekologiya, tarixiy ekologiya (1-rasm). Autekologiya organizmning tashqi muhit bilan munosabatlari, masalan, hayotiy sikli, muhitga moslanishdagi xulq-atvori kabilarni o‘rganadi. Demekologiya – populatsiyalar ekologiyasi, populatsiyada individlar sonining o‘zgarishi, populatsiyadagi guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganuvchi bo‘lim. Demekologiya doirasida populatsiyalarning shakllanish shart-sharoitlari o‘rganiladi. Demekologiya tashqi muhit ta’siri ostida indi vidlar sonining o‘zgarish sabablarini o‘rganadi. Sinekologiya – har xil turga mansub organizmlar jamoalarining o‘zaro va tashqi muhit bilan munosabatlarini o‘rganadi. Bunda ayrim hudud larda yashaydigan mikroorganizmlar, o‘simlik, hayvon turlarining xilma- xilligi, tarqalishi, ular orasidagi raqobatlar va boshqa ekologik muammolar o‘rganiladi. Biogeotsenologiya – biogeotsenozlarning tuzilishi va xususiyatlarini o‘rganadi. Evolutsion ekologiya – sayyoramizda hayotning paydo bo‘lishi bilan birga ekologik sistemalarning o‘zgarishini, biosfera evolutsiyasiga insonning ta’sirini o‘rganadi. Evolutsion ekologiya paleontologik ma’lumotlardan va 10 hozirgi zamon ekologik sistemalari haqidagi ma’lumotlardan foydalanib qadi miy ekosistemalarni nazariy rekonstruksiyalash (qayta yaratish)ga harakat qiladi. Tarixiy ekologiya – insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishi natijasida neolit davridan hozirgi davrgacha yuz bergan ekologik o‘zgarishlarni o‘rganadi. Bundan tashqari, bu fanning sayyoramiz tabiatidagi alohida zonalarni o‘rganuvchi bo‘limlari bor. Masalan, o‘rmon ekologiyasi, cho‘l ekologiyasi, botqoq ekologiyasi, ko‘l ekologiyasi va hokazo. Ba’zan ekologiya organizmlar va atrof-muhit o‘rtasidagi munosabatlar ning umumiy qonuniyatlarini o‘rganadigan umumiy va bir qancha xususiy bo‘limlarga: o‘simliklar ekologiyasi, hayvonlar ekologiyasi, mikroorganizmlar 1-rasm. Ekologiya bo‘limlari. 11 ekologiyasi, baliqlar ekologiyasi, sutemizuvchilar ekologiyasi va boshqalarga ajratiladi. Ekologiyada ko‘pgina amaliy yo‘nalishlar ham mavjud. Landshaft lar ekologiyasi inson faoliyati va tabiatni oqilona boshqarish bilan bog‘liq ekologik o‘zgarishlarni bashorat qilish uchun ilmiy asoslarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Sanoat ekologiyasi ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarish va chiqindisiz texnologiyalarni qo‘llash bilan shug‘ullanadi. Ijti moiy ekologiya atrof-muhitning insonga va jamiyatning tabiatga ta’sirini o‘rganadi. Matematik ekologiya sayyoramizning turli tabiiy hududlarida organizmlarning son jihatdan taqsimlanish qonuniyatlarini ko‘rib chiqadi. Atrof-muhitni o‘rganish metodlari. Atrof-muhitni o‘rganishda qo‘llani ladigan barcha metodlar uchta katta guruhga bo‘linadi. Dala metodi. Dala metodi yordamida tabiiy sharoitda populatsiyalarga muhit omillarining kompleks holda ko‘rsatadigan ta’siri o‘rganiladi. Dala metodidan foydalanish tabiiy muhit sharoitida biosistemalarning rivojlanishi va hayotiy faoliyatiga atrof-muhitning ta’sirini o‘rganish imko nini beradi. Meteorologik kuzatishlar, organizmlar sonini hisoblash (masalan, qushlarni halqalash orqali tadqiqotchilar mavsumiy migratsiya davrida qushlarning harakatini kuzatadilar) dala metod yordamida amalga oshiriladi. Kuzatuv materiallari yozuvlar, rasmlar, fotosuratlar, videolavhalarda qayd etiladi. Ekologik tajribalar metodi yordamida ayrim omillarning organizm rivoj lanishiga ta’siri o‘rganiladi. Tabiiy muhitda biron-bir omilning organizmga yoki jamoaga ta’sirini alohida o‘rganishning imkoni yo‘q, chunki barcha omillar majmua tarzda ta’sir etadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun odatda birorta tabiiy sistema modellashtiriladi. Masalan, akvarium chuchuk suv havzasining modeli hisoblanadi. Matematik modellashtirish metodi ekosistemaning yashovchanligi va kelajagini oldindan aniqlashga yordam beradi. Bu usulni amalga oshirish da kompyuterdan keng foydalaniladi. Metodning mohiyati shundaki, o‘rganilayotgan tizimning xususiyatlari matematik belgilarga aylantiriladi. Keyin, ayrim ko‘rsatkichlarning qiymatlari o‘zgartirilib, o‘rganilayotgan tizimda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi o‘rganiladi. Mazkur ekotizim modellari tabiiy va laboratoriya sharoitlarida to‘plangan ko‘plab ma’lumotlar asosida shakllantiriladi. Bunday matematik modellar tajribada tekshirish 12 qiyin bo‘lgan holatlarni o‘rganishga yordam beradi. Ular iqlim o‘zgarishlari va antropogen omillar ta’sirida ekotizimlarning rivojlanishini oldindan bilish imkonini beradi. Ko‘pincha ekologiyada qo‘llaniladigan tadqiqot metodlari atrof-muhitni tadqiq etish uchun birgalikda qo‘llaniladi. Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: ekologiya, autekologiya, sinekologiya, populatsiyalar ekologiyasi, jamiyat ekologiyasi, ekotizimlar eko logiyasi, umumiy ekologiya, landshaft ekologiyasi, sanoat ekologiyasi, ijtimoiy ekologiya, matematik ekologiya. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Zamonaviy ekologiyaning qanday bo‘limlari mavjud? 2. Ekologiyaning fan sifatida shakllanishi qaysi olimlarning tadqiqotlari bilan bog‘liq? 3. Nima uchun ekologiya tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni mu hofaza qilish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi? 4. Olimlar qanday qilib tabiatdagi jamoalar ustidan kuzatuv olib boradilar? Jonli ta- biatni bilishning ushbu metodini qo‘llashda qanday cheklanishlar mavjud? 5. Atrof-muhitni o‘rganishda tajribalar metodining qanday ahamiyati bor? 6. Atrof-muhitni o‘rganishning qaysi hollarida matematik modellashtirish qo‘l laniladi? Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. O‘z fikringizni bayon eting. 1. Yopiq akvariumda yashovchi jonzotlarni kuzatib boring. Akvariumdagi o‘sim- liklar va hayvonlar uchun yorug‘lik, havo, suv, tuproq qanday ahamiyatga ega? Bu omillardan mikroorganizmlar qanday foydalanadi? Akvariumda qan day sharoit bo‘lishi kerak? Kuzatish natijalari asosida xulosa chiqaring. 2. Ekologiya bo‘limlari o‘rganadigan obyektlarni aniqlang va jadvalni to‘ldiring. Ekologiya bo‘limlari Biologik tizimlar Autekologiya Demekologiya Sinekologiya Biogeotsenologiya Global ekologiya Sanoat ekologiyasi Ijtimoiy ekologiya 13 II BOB. HAYOTNING EKOSISTEMA DARAJASIDAGI UMUMBIOLOGIK QONUNIYATLARI II bob mazmuni bilan tanishib, Siz: hayotning ekosistema darajasiga oid asosiy xususiyatlari va ahamiyatini izohlashingiz; biogeotsenozni biologik ekotizim sifatida ta’riflashingiz; biogeotsenozning tarkibiy qismlarini farqlay olishingiz; biogeotsenoz va ekosistemalarning barqarorligini ta’minlovchi asosiy mexanizmlarni ochib berishingiz; biogeotsenozlarning almashinishi va qayta tiklanishini sabab va oqibat larini tushuntira olishingiz; tabiiy va sun’iy ekosistema (agroekosistema)larni taqqoslay bilishingiz; ekosistemalarda moddalar va energiya almashinuvi jarayonlarining mohiyatini bilishingiz; moddalar va energiyaning trofik darajalar orqali uzatilishi qonuniyat larini bilgan holda oziq zanjirlari tuza olishingiz; ekosistemalarga antropogen omillarning ta’sirini aniqlay olishingiz; tabiatdagi mavjud ekologik muammolarga, tabiatni muhofazasi bilan bog‘liq masalalarga o‘z fikringizni bildira olishingiz zarur. 3-§. HAYOTNING EKOSISTEMA DARAJASI XUSUSIYATLARI. BIOGEOTSENOZ – BIOLOGIK SISTEMA Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Hayot tuzilishining biogeotsenoz darajasiga ta’rif bering. Hayotning biogeotsenoz darajasi strukturaviy funksional birligi nimadan iborat? Hayotning biogeotsenoz darajasiga xos qanday hayotiy jarayonlarni bilasiz? Biogeotsenoz (yunoncha «bios» – hayot, «ge» – yer va «koinos» – umumiy so‘zlaridan olingan) evolutsiya jarayonida ma’lum bir hududni egallagan har xil turga mansub bakteriya, zamburug‘, o‘simlik va hayvonlar jamoasidan iborat ochiq biosistemadir. Biogeotsenoz haqidagi ta’limotni rus botanik olimi 14 V.N. Sukachev yaratgan. U biogeotsenoz tirik tabiatning muhim funksional tuzilish birligi ekanligini hamda biogeotsenoz ikkita tarkibiy qismdan – tirik organizmlar majmuasi (biotsenoz) hamda atrof-muhit sharoitlari majmuasi – biotop (yunoncha «bios» – hayot va «topos» – joy)dan iboratligini ko‘rsatib bergan (2-rasm). Tuproq Atmosfera Suv Ekotop Biotsenoz O‘simliklar Hayvonlar Mikro- organizmlar 2-rasm. Biogeotsenoz strukturasi (V.N.Sukachev bo‘yicha). Yer yuzida tabiiy jamoalar uchramaydigan joy deyarli yo‘q. Hayot biogeotsenozlar shaklida atrof-muhitning qariyb barcha qismlarini egallagan. Bu o‘z navbatida biogeotsenozlarning hayot tuzilish darajasidan biri sifatida muhim ahamiyatini belgilaydi. Har qanday biogeotsenoz ma’lum bir hududda tarqalgan va ma’lum chegaraga ega. Tirik organizmlar jamoalari cho‘llar, shimoliy kengliklar, ekvator, dengiz va okeanlar, tuproq va tog‘larda ham uchraydi. Biogeotsenozlar har qanday biosistemalar kabi bir butun, barqaror tizim bo‘lib, uning bu xususiyatlari moddalarning davriy aylanishi orqali ta’minlanadi. Biogeotsenoz tuzilishi va xususiyatlarini ekologiyaning alohida bo‘limi – biogeotsenologiya o‘rganadi. 15 Biogeotsenoz tabiatning abiotik omillari hamda moddalar va energiya almashinuvi orqali uzviy bog‘langan ma’lum bir hududda yashovchi tirik organizmlar jamoalarini o‘z ichiga oladi. Biogeotsenoz barqaror, o‘z- o‘zini boshqaradigan biologik sistema bo‘lib, bunda tirik organizmlar (mikroorganizmlar, o‘simliklar, hayvonlar) anorganik tabiatning tarkibiy qismlari (suv, tuproq, iqlim) bilan o‘zaro bog‘langan. Ularga tog‘ o‘rmoni, adir, yaylov biogeotsenozlarini misol qilib olish mumkin. Hayotning biogeotsenoz darajasiga xos xususiyatlari. Biogeotsenozlar ham hayotning barcha tuzilish darajalariga xos, ya’ni strukturasi, hayotiy jarayonlari va tabiatdagi ahamiyati kabi xususiyatlari bilan ta’riflanadi. Biosistema sifatida biogeotsenoz o‘zaro moddalar almashinuvi orqali bog‘langan tarkibiy qismlar – biotop (yashash muhiti) va biotsenoz (tirik organizmlar jamoasi)dan tashkil topgan ochiq sistemalar hisoblanadi. Biogeotsenoz darajasida kuzatiladigan eng muhim jarayonlar: turlarning hayotini ta’minlovchi biomassaning sintezlanishi; turlar soni doimiyligining boshqarilishi; biosistemaning barqarorligini ta’minlovchi moddalar va energiya oqimi hisoblanadi. Biogeotsenozlar. Biogeotsenozlarda tabiatning xilma-xil turlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar kuzatiladi. Biogeotsenozlar moddalarning davriy ay lanishida ishtirok etadi. Biogeotsenozlarning xilma-xilligi hamda uzoq muddat davomida mavjud bo‘lishi biosferaning evolutsiyasini ta’minlaydi. Biogeotsenozlar biosferaning barqarorligini belgilab beradigan moddalarning biologik aylanishi (biogeokimyoviy sikl)ni ta’minlovchi sistemani hosil qiladi. Turg‘un biogeotsenozlar bir butun yaxlit sistema bo‘lib, ular o‘z-o‘zini yangilash, barqarorlik, o‘z-o‘zini boshqarish xususiyatlariga ega. Ekosistema tushunchasi. «Ekosistema» atamasi 1935-yilda angliyalik botanik olim A. Tensli tomonidan fanga kiritilgan. Uning fikriga ko‘ra, ekosis- temalar faoliyati moddalar almashinuvi va energiya oqimi bilan bog‘liq bo‘l- gan tirik organizmlar va atrof-muhitning fizik omillari majmuasidir. A. Tensli ekosistemalarni «Yer yuzining asosiy tabiiy birliklari» deb hisoblaydi. Biogeotsenoz va ekosistema tushunchalari bir-biriga yaqin tushunchalar bo‘lib, hayotning bitta tuzilish darajasidagi biosistemalar hisoblanadi. Bu sistemalar o‘zaro bog‘liq tirik va anorganik tarkibiy qismlardan tashkil topganligi hamda moddalar va energiya oqimi kabi bir qancha umumiy 16 jihatlarga ega. Ekosistema va biogeotsenoz tushunchalari ko‘pincha bir ma’noda ishlatilsa ham, ular talqinida ayrim farqlar mavjud. «Biogeotsenoz» tushunchasi biosistemaning aniq tarkibiy jihatlarini aks ettirsa, «ekosistema» tushunchasi biosistemaning funksional mohiyatini ifoda etadi. Ekosistemalar o‘zining o‘lchami, turlarining xilma-xilligi va murak kabligi bilan biogeotsenozlardan farq qiladi. Biogeotsenozlar ma’lum chega raga ega bo‘ladi, ekosistemalarda esa chegarani aniqlash qiyin hisoblanadi. «Biogeotsenoz» Yer yuzining ma’lum hududidagi tirik organizmlar va atrof-muhitning tabiiy majmuasi hisoblanadi. Biogeotsenoz muayyan tushun cha bo‘lib, ularga tarkibidagi son jihatdan ko‘p uchraydigan turga qarab nom beriladi. Masalan: «archazor o‘rmon», «yong‘oqzor o‘rmon» va boshq. Ekosistemalar esa o‘z o‘lchamlari va murakkabligi jihatidan xilma-xildir. «Ekosistema» deyilganda o‘lchami jihatdan xilma-xil, moddalar va energiya almashinuvi orqali o‘zaro bog‘liq tirik organizmlar va anorganik tabiat omillarining yig‘indisi tushuniladi. Ekosistema tushunchasi biogeotsenoz tu shunchasiga nisbatan kengroq ma’noda qo‘llaniladi. Har qanday biogeotse nozga ekosistema sifatida qarash mumkin, lekin har qanday ekosistemani biogeotsenoz deb bo‘lmaydi. Ekosistemalar hudud jihatdan turlicha bo‘lishi mumkin: kichik eko sistemalar – mikroekosistemalar (mikrobli suv tomchisi, mikroorganizmlar va umurtqasiz hayvonlarga ega chiriyotgan to‘nka, ko‘lmak suv, akvarium va boshq.); o‘rtacha o‘lchamga ega ekosistemalar – mezoekosistemalar (olmali bog‘, dala, archazor o‘rmon, hovuz, ko‘l, daryo va boshq.); yirik ekosistemalar – makroekosistemalar (okean, dasht, tayga, tropik o‘rmon, tog‘lar, cho‘l va boshq.); global ekosistema (biosfera). Ekosistemalar tabiiy va sun’iy bo‘lishi mumkin. Sun’iy ekosistemalar insonlar tomonidan o‘z xo‘jalik faoliyatini yuritish maqsadida yaratiladi. Ekosistemalar tarkibiga bir necha biogeotsenozlar kirishi mumkin. Biogeotsenozlar – tabiiy ekosistemalar bo‘lib, ularning chegaralari fitosenoz, ya’ni o‘simliklar jamoasi bilan belgilanadi. Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: biogeotsenoz, biotsenoz, biotop, biogeokimyoviy sikl, mikroekosistemalar, makroekosistemalar, mezoeko sistemalar, global ekosistema. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Ekosistema va biogeotsenozga ta’rif bering. Ular o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlang. 17 2. Ekosistemaning tarkibiy qismlarini aytib bering? Ularning ahamiyati nimadan iborat? 3. «Biotsenoz» va «biotop» tushunchalariga ta’rif bering. 4. Ekosistemada organizmlarning qanday funksional guruhlari mavjud? 5. Ekosistemadagi turli funksional guruhlarga kiruvchi organizmlar ahamiyatini ko‘rsating. Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. Biogeotsenoz va ekosistemalarning o‘xshashlik va farqini aniqlang. Jadvalni to‘ldiring. Biogeotsenoz xususiyatlari O‘xshashligi Ekosistema xususiyatlari 4-§. EKOSISTEMALARNING TARKIBIY QISMLARI Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Biogeotsenozlar biosistema sifatida qanday tarkibiy qismlardan tashkil topgan? Har qanday o‘lchamdagi majmualardan iborat ekosistemadan farqli ravishda biogeotsenozlar aniq hudud bilan chegaralangan. Ana shunday ayrim farqlar mavjudligiga qaramay «biotsenoz» va «jamoa», «biogeotsenoz» va «ekosistema» tushunchalari bitta tabiiy hodisa – hayotning turdan yuqori tuzilish darajasidagi biologik sistemalar hisoblanadi. Ekosistema ikkita tarkibiy qism – muhit sharoitlari (biotop) va Yer yuzida moddalarning davriy aylanishi hamda energiya oqimini ta’minlovchi uchta funksional guruhga birlashadigan tirik organizmlar (biotsenoz)dan tashkil topgan. Biotop (yunoncha «bios» – hayot va «topos» – joy yoki yashash joyi), nafaqat jamoaning egallagan joyi, balki jamoa hayotini belgilovchi muhit omillarining o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq kompleksidir. Tirik organizmlar o‘z hayotiy faoliyatlari davomida muhitning abiotik shart-sharoitlari (ekotop)ga o‘z ta’sirini o‘tkazib, uni biotopga aylantiradi. Ekosistemaning abiotik muhiti (ekotop)ni notirik tarkibiy qismlar – klimatop (yorug‘lik, harorat, namlik, havo va boshq.) va tirik organizmlar faoliyati natijasi hisoblangan tarkibiy qism – edafotop (tuproq) tashkil etadi. Ekotop tirik organizmlar tomonidan hali o‘zgarmagan, o‘z tuprog‘i, iqlimiga 18 ega ma’lum hudud hisoblanadi. Ekotopga vulqon otilishi natijasida yangidan paydo bo‘lgan hududlarni yoki yangi paydo bo‘lgan korall orollarini misol qilib keltirish mumkin. Tirik organizmlar tomonidan o‘zgartirilgan ekotop yoki ma’lum turdagi o‘simlik va hayvon turlari yashaydigan hudud biotop deb ataladi. Biotsenoz – biotopda yashovchi tirik organizmlar yig‘indisi hisoblanadi. Biotsenoz xilma-xil turlar tarkibi va soni bilan, har xil turga mansub tirik organizmlar o‘rtasidagi munosabatlar hamda tirik organizmlar va tashqi muhit omillari o‘rtasidagi turli-tuman o‘zaro munosabatlar bilan ta’riflanadi. Biogeotsenozning yashil o‘simliklari (fitosenoz) quyosh energiyasi hisobiga fotosintez jarayonida hosil qiladigan organik birikmalari hayvonlar (zoosenoz) uchun oziq hisoblanadi. Zamburug‘lar (mikosenoz) va mikroorganizmlar (mikrobiotsenoz) organik qoldiqlarni mineral moddalargacha parchalab, tashqi muhitga qaytaradi. Tabiatdagi organizmlar o‘rtasidagi oziq orqali bog‘lanishlar hisobiga moddalar va energiyaning tashqi muhitdan tirik organizmlar tarkibiga o‘tishi, ulardan esa yana anorganik tabiatga qaytishi sodir bo‘ladi. Har bir biogeotsenozdagi moddalar va energiyaning aylanishlari birlashib biosfera darajasidagi moddalar va energiyaning global aylanishini ta’minlaydi. Biotsenoz tarkibidagi barcha tirik organizmlar 3 ta funksional guruhga bo‘linadi: produtsentlar, konsumentlar va redutsentlar (3-rasm). Avtotroflar Geterotroflar Produtsentlar Konsumentlar Redutsentlar 3-rasm. Biotsenoz tarkibi. 19 Bu guruhlar ekologik xususiyatlari bo‘yicha bir-biridan farq qiladi, ular tarkibiga muayyan biogeotsenoz uchun xos bo‘lgan har xil turlarning populatsiyalari kiradi. Ularning o‘zaro va atrof-muhit bilan murakkab munosabatlari biogeotsenozning yaxlitligini ta’minlaydi. Produtsentlar (lot. «producens» – yaratuvchi) – organik birikmalarni hosil qiluvchilar, ya’ni avtotrof organizmlar bo‘lib, anorganik moddalardan organik birikmalarni sintezlaydi. Bu guruhga yashil o‘simliklar, fotosintezlovchi va xemosintezlovchi bakteriyalar kiradi. Konsumentlar (lotincha «consume» – iste’mol qilaman) yoki iste’mol qiluvchilar – geterotrof organizmlar bo‘lib, tayyor organik birikmalar bilan oziqlanadi va oziq tarkibidagi energiyani oziq zanjiri bo‘ylab uzatadi. Oziq (trofik) zanjiri – organik birikmalarni hosil qiluvchilardan iste’mol qiluvchilarga bosqichma-bosqich modda va energiyani uzatuvchi organizmlar ketma-ketligidir. Konsumentlarga barcha hayvonlar va parazit o‘simliklar kiradi. Redutsentlar (lotincha «reduco» – qaytaraman, tiklayman) yoki destruktorlar (lotincha «destruo» – parchalayman) – geterotrof organizmlar bo‘lib, organik birikmalarni anorganik moddalargacha parchalaydi. Ularga saprotrof (saprofit) bakteriyalar va zamburug‘lar kiradi. Saprotroflar qoldiq organik birikmalar bilan oziqlanib, ularni mineral moddalarga parchalaydi. Hosil bo‘lgan mineral moddalar tuproqda to‘planib, produtsentlar tomonidan o‘zlashtiriladi. Shunday qilib, biotsenoz produtsentlar, konsumentlar, redutsentlardan tashkil topadi. Bu guruhlarning hayoti bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Biogeotsenozlarga xos xususiyatlar. Biogeotsenozlar bir qator xususi yatga ega bo‘lib, bu xususiyatlar ularning uzoq muddat davomida barqaror ligini ta’minlaydi. Bu xususiyatlarga biogeotsenozlarning o‘z-o‘zini yaratishi (tiklashi), barqarorligi, o‘z-o‘zini boshqarishi, rivojlanishi va ekologik suk sessiya (ekosistemalarning almashinishi) kabilar kiradi. Biogeotsenozlarning o‘z-o‘zini yaratish xususiyati deyilganda bio geotsenoz tomonidan energiya oqimining yo‘naltirilishi tirik organizmlar va anorganik tabiat o‘rtasidagi moddalar va energiyaning biologik aylanishini ta’minlash tushuniladi. Produtsentlar tomonidan o‘zlashtiriladigan quyosh energiyasi, suv va anorganik moddalar organik birikmalar shaklida to‘planib, biogeotsenozning tirik tarkibiy qismlarining hayotiy jarayonlari uchun sarflanadi. O‘simlik va hayvon organizmlarida hayotiy jarayonlarda hosil bo‘ladigan va tashqi muhitga ajratiladigan qoldiqlar redutsentlar tomonidan minerallashtiriladi 20 va qaytadan moddalar aylanishiga qaytariladi. Nafas olish jarayonida tashqi muhitga ajraladigan karbonat angidrid gazi produtsentlar tomonidan fotosintez jarayonida foydalaniladi va aerob organizmlarning nafas olishi uchun zarur kislorod hosil bo‘ladi. Biogeotsenozlarning barqarorligi. Bu xususiyat biogeotsenozlarning o‘z tuzilishini, tarkibiy qismlari o‘rtasidagi aloqalar xarakteri va boshqa ko‘rsatkichlarini nisbatan doimiy holatda saqlash xususiyatidir. Biogeotsenoz larning barqarorligi turlar xilma-xilligi bilan ta’minlanadi. Biogeotsenozlarning o‘z-o‘zini boshqarishi – o‘z tarkibiy qismlari o‘rtasidagi muvozanat va o‘zaro munosabatlarni tabiiy yoki antropogen ta’sirlardan so‘ng tiklay olish xususiyati. Biogeotsenozdagi biotik munosabatlar tufayli turlar soni doimiy saqlanadi. Masalan, yuqori hosildorlik natijasida ko‘p miqdorda o‘simlik urug‘larining hosil bo‘lishi ular bilan oziqlanuvchi kemiruvchilarning soni ko‘payishiga, bu o‘z navbatida yirtqichlar sonining ortishiga olib keladi. Yirtqichlar sonining ortishi ularning o‘ljasi bo‘lgan hayvonlar sonining kamayishiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, yirtqich hayvonlar o‘txo‘r hayvonlarning, o‘txo‘r hayvonlar esa o‘simliklar sonini nazorat qiladi. Xuddi shunday holatni «parazit – xo‘jayin» munosabatlarida ham ko‘rish mumkin. Biogeotsenozlarning rivojlanish xususiyati ularning tuzilishi hamda faoliyatida o‘zgarishlarning sodir bo‘lishi bilan bog‘liq. Biogeotsenozlardagi o‘zgarishlar davriy (siklik) va tadrijiy (izchil) bo‘ladi. Davriy o‘zgarishlar muhit omillarining sutkalik, mavsumiy o‘zgarishlari, shuningdek bioritmlar bilan belgilanadi. Bunday o‘zgarishlar natijasida biotsenozlar dastlabki holatiga qaytadi. Tadrijiy o‘zgarishlar esa bir biotsenozning asta-sekin boshqasi bilan almashinuviga olib keladi. Bir biotsenoz o‘rnini boshqa biotsenoz egallashi ekologik suksessiya (lotincha «successio» – izchillik, ketma-ketlik) deb ataladi. Suksessiya – biotsenoz (ekosistema)larni tashkil etgan turlarning tarkiban o‘zgarishi va jamoa tarkibiy tuzilishining izchillik asosida o‘rin almashinishi natijasida vujudga keladi. Shunday qilib, biogeotsenoz biotsenoz va biotopning majmuasi bo‘lib, unda moddalarning va energiyaning davriy aylanishi amalga oshadi. Produtsentlar, konsumentlar va redutsentlar ekosistemalarning funksional tarkibiy qismlari hisoblanadi. 21 Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: ekotop, klimatop, edafotop, fitosenoz, zoosenoz, mikrobiotsenoz, produtsentlar, konsumentlar va redutsentlar. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. «Biogeotsenoz» va «ekosistema» tushunchalarini taqqoslang. Ular o‘rtasidagi umumiylik va farqni aniqlang. 2. Produtsentlarning ekosistemadagi ahamiyatini aytib bering? Fototrof va xemotrof organizmlarga misol keltiring. 3. Redutsentlarning ekosistemadagi vazifalarini misollar asosida izohlang. 4. Biogeotsenozlarning o‘z-o‘zini tiklashi va barqarorligi kabi ko‘rsatkichlarining mohiyatini tushuntiring. 5. Biogeotsenozlarning o‘z-o‘zini boshqarishi deganda nimani tushunasiz? Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. O‘z fikringizni ayting. 1. Ekosistemada redutsentlar sonining keskin kamayishi qanday ekologik oqi batlarga olib keladi? Yer yuzida barcha redutsentlarning yo‘qolishi nati jasida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin? 2. Biotsenozning funksional guruhlari va ularning vakillari o‘rtasidagi bog‘liq likni ko‘rsating. Funksional guruhlar: 1) produtsentlar; 2) konsumentlar; 3) redutsentlar. Vakillar: a) qayin; b) bug‘u; c) yomg‘ir chuvalchangi; d) cho‘rtan baliq; e) oq zamburug‘; f) lishaynik, g) laminariya; h) ko‘poyoq; i) dafniya; j) temir bakteriyasi; k) ammonifikator bakteriya. 3. Quyidagi tushunchalarni va ularning ta’rifini juftlang. Jadvalni to‘ldiring. Ekologik T/r T/r Ta’riflar atamalar Tirik organizmlar tomonidan hali o‘zgarmagan, o‘z tuprog‘i, 1 Biotsenoz A iqlimiga ega ma’lum hudud 2 Produtsentlar B Organik birikmani iste’mol qiluvchilar – geterotrof organizmlar 3 Klimatop D Ekosistemaning abiogen tarkibiy qismi 4 Fitosenoz E Biotsenozlarning o‘rin almashishi Ekosistemaning tirik organizmlar faoliyati natijasi 5 Redutsentlar F hisoblangan tarkibiy qismi Tirik organizmlar tomonidan o‘zgartirilgan ma’lum turdagi 6 Ekotop G o‘simlik va hayvon turlari yashaydigan hudud 7 Konsumentlar H Biotop tarkibidagi tirik organizmlar 22 Ekologik O‘lik organik birikmalarni mineral tuzlargacha parchalovchi 8 Z suksessiya geterotrof organizmlar 9 Edafotop I Organik birikmalarni hosil qiluvchilar 10 Biotop K Biogeotsenozning yashil o‘simliklari 4. Quyidagi tushunchalarga ta’rif bering va misollar keltiring. Jadvalni to‘ldiring. Jamoalar Ta’rif Misol Fitosenoz Zoosenoz Mikosenoz Mikrobiotsenoz 5. Qanday ekosistemalarni biogeotsenoz deyish mumkin: o‘tloq, ko‘l, chiriyotgan to‘nka, dengiz, ignabargli o‘rmon, daryo. 5-§. ORGANIZMLARNING YASHASH MUHITI. SUV MUHITI Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Yashash muhiti tirik organizmlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Suvda hayotning paydo bo‘lishini tushuntiring. Har qanday tirik organizm tabiatda muayyan yashash muhitiga ega va muhit ularga doimiy ravishda ta’sir etadi. Organizm, populatsiya yoki tur yashaydigan, ularga bevosita yoki bilvosita ta’sir etadigan, muhitning biotik va abiotik sharoitlarining majmuasi yashash muhiti deb ataladi. Yashash muhiti tirik organizm bilan uning butun hayoti davomida o‘zaro munosabatda bo‘ladigan tabiatning bir qismi hisoblanadi. Har bir tirik organizmning yashash muhiti tabiatning biotik va abiotik tarkibiy qismlari – komponentidan tarkib topadi. Ekologiyada tabiatning biotik va abiotik komponentlari omillar deyiladi. Tabiatning tirik organizmlarga ta’sir ko‘rsatadigan va ularda moslanish reaksiyalari – adaptatsiyalarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan har qanday tarkibiy qismi yoki komponenti ekologik omillar deb ataladi. Shunday qilib, muhit – tirik organizmlarni o‘rab turuvchi va ularga bevosita yoki bilvosita ta’sir etuvchi omillar yig‘indisidir. Organizmlar muhitdan hayotiy jarayonlar uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotlarni qabul qiladi hamda muhitga moddalar almashinuvi mahsulotlarini ajratadi. 23 Yashash muhiti organizmlarning nafaqat yashashiga, balki geografik jihatdan tarqalishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Tirik organizmlar uchun har bir ekologik omil turlicha ahamiyatga ega. Ayrim omillar organizmlar yashashi uchun juda muhim bo‘lsa, ayrim omillar organizmlar uchun kamroq ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Evolutsiya jarayonida barcha tirik organizmlarda yashash muhitiga nisbatan o‘ziga xos morfologik, fiziologik, etologik va boshqa moslanishlar – adaptatsiyalar paydo bo‘lgan. Adaptatsiya (lotincha «adaptatio» – moslanish) – tirik organizmlarning muayyan yashash muhitida yashashi va ko‘payishni ta’minlovchi belgi yoki belgilar yig‘indisi hisoblanadi. Masalan, baliq tanasining suyri shakli ularning suv muhitida harakatlanishini yengillashtirsa, suvsiz muhitda o‘suvchi o‘simliklar barglarida (aloy) yoki poyasida (kaktus) suv to‘plashga moslashgan. Ekologik omillar uchta guruhga: abiotik, biotik va antropogen omil larga bo‘linadi. Muhit va tirik organizmlarning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’sirlari «organizm – muhit» sistemasidagi asosiy qonuniyatlardan hisoblanadi. Tirik organizmlar muhitdan o‘zlari uchun kerakli moddalarni oladi va muhitga turli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Natijada muhitning o‘zi ham o‘zgaradi. «Organizm – muhit» tizimidagi asosiy qonuniyatlar V.I.Vernadskiy tomo nidan kashf etilgan bo‘lib, organizm va uning yashash muhiti birligi qonuni deb ataladi. Hayot tirik organizmlar va yashash muhitining bir butunligi asosida ular o‘rtasidagi moddalar va energiya almashinuvi natijasida rivojlanib boradi. Bu qonundan kelib chiqadigan evolutsion-ekologik prinsipga binoan, har bir turning genetik imkoniyatlari o‘zi yashayotgan muhitga muvofiqdir. Tirik organizmlar ham o‘z navbatida muhitga katta ta’sir ko‘rsatadi, bu birinchi navbatda organizmning shu muhitda yashayotgani bilan belgilanadi. Tirik organizmlar oziqlanadi, nafas oladi, atrof-muhitga moddalar almashinuvi qoldiqlarini ajratadi, o‘sadi, rivojlanadi, harakatlanadi. Organizmlarning bu hayotiy faoliyati tufayli yashash joyining havo tarkibi, tuproq strukturasi, suvning tozalik darajasi kabi ko‘rsatkichlari o‘zgaradi. Har bir organizmning muhitga alohida ta’siri sezilarli bo‘lmasa-da, shu muhitda yashovchi barcha organizmlarning ta’sirlari yig‘indisi juda ulkan. Tirik organizmlarning muhitga ta’siri ularning muhitni shakllantiruvchi faoliyati hisoblanadi. 24 Yer yuzida tirik organizmlar uchun to‘rt xil yashash muhiti mavjud: suv muhiti, quruqlik-havo muhiti, tuproq muhiti va tirik organizm muhiti (parazit va simbiontlar uchun). Har bir muhit o‘ziga xos shart-sharoitlarga ega (4-rasm). 2 4 1 3 4-rasm. To‘rt xil yashash muhiti: 1 – suv muhiti; 2 – quruqlik-havo muhiti; 3 – tuproq muhiti; 4 – organizm muhiti. Tirik organizmlar bir yoki bir nechta muhitda yashashi mumkin. Hayot dastlab paydo bo‘lgan muhit suv muhiti hisoblanadi. Tarixiy rivojlanish jarayonida tirik organizmlar quruqlik-havo muhitida yashashga o‘tgan. Natijada yangi muhit sharoitiga moslashgan o‘simlik va hayvonlar paydo bo‘lgan. Tirik organizmlarning hayotiy faoliyati natijasida tuproq shakllangan va ayrim organizmlar tuproqda hayot kechirishga moslashgan. Organizm muhitini parazit va simbiontlar egallagan. Har qaysi muhitda o‘ziga xos shart-sharoitlari bilan o‘zaro farq qiladi gan ma’lum hududlar, ya’ni biotoplar mavjud. Masalan, suv muhitining suv yuzasida, suv qa’rida, suv tubida, suvo‘tlar orasida yashash hududlari mavjud. Suv muhiti. Yer yuzida eng keng tarqalgan yashash muhiti bo‘lib, okeanlar, kontinentlarning suv havzalari va yerosti suvlarini o‘z ichiga oladi. 25 Suv muhitida yashovchi organizmlar gidrobiontlar (yunoncha «hydor» – suv, «bios» – hayot) deyiladi. Yashash muhiti sifatida suv bir qancha xususiyatlarga ega. Suv yuqori zichlik, shaffoflik, katta issiqlik sig‘imi va issiqlik o‘tkazuvchanlik, muzlagan da kengayish kabi xususiyatlar bilan bir qatorda, kislorod miqdorining nisbatan kamligi, yorug‘likni kam o‘tkazishi bilan ham xarakterlanadi. Suv harakatchan, ya’ni oquvchan muhit. Uning harakatlanishi natijasida suv muhitida yashaydigan organizmlar kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlanadi. Suv havzasining barcha qismi bo‘ylab harorat deyarli bir xil taqsimlanadi. Katta issiqlik sig‘imiga egaligi va issiqlikni o‘tkazuvchanligi tufayli quruqlik muhitiga nisbatan suv muhitida harorat kam darajada o‘zgaradi. Havo harorati 10°C ga ko‘tarilganda, suv harorati faqat 1°C ga ko‘tariladi. Suv qa’rida harorat nisbatan doimiy, +4°C atrofida bo‘ladi. Suv havzasining eng yuza qismida sutkalik va mavsumiy harorat o‘zgarishi 0 dan +36°C gacha bo‘lishi mumkin. Suvning zichligi katta (havodan 700 marta yuqori) bo‘lgani uchun suv muhitida yashaydigan organizmlar uchun u tayanch vazifasini bajaradi. Bir hujayrali hayvonlar, suvo‘tlar, meduzalar, mayda qisqichbaqasimonlar tanasidagi turli o‘simtalar suv bilan ta’sirlashish yuzasini oshiradi va ularning suzuvchanligini ta’minlaydi. Baliqlarning suv yuzasiga ko‘tarilishi, suvning tubiga tushishi, yoki suvning ma’lum qatlamida muallaq turishi suzgich pufagi bilan bog‘liq. Suvda faol harakatlanuvchi hayvonlar tanasi suyri shaklda bo‘lgani va maxsus suzgichlarga egaligi tufayli suvning qarshiligini oson yenga oladilar. Suv muhitida yorug‘lik havoga nisbatan kam. Quyosh nurining bir qismi suv yuzasidan qaytariladi, bir qismi esa suvga yutiladi. Chuqurlik ortgan sari fotosintez jarayoni uchun zarur yorug‘lik miqdorining kamayib borishi suv o‘simliklarining keng tarqalishini cheklaydi. Yorug‘lik miqdori hayvonlar hayot faoliyati uchun ahamiyat kasb etmaydi. Suv muhitida yashovchi organizmlar hayotida suvning tuz miqdori katta ahamiyatga ega. Suv havzalaridagi suv bir-biridan kimyoviy tarkibi bo‘yicha farq qiladi. Ular tarkibidagi kislorod miqdori muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Suvdagi kislorodning asosiy manbayi suv o‘simliklarining fotosintez jarayoni hisoblanadi, kislorodning bir qismi suvga atmosferadan o‘tadi. 26 O‘simliklarning suv muhitiga moslanishlari. Sho‘r suvlarda faqat suvo‘tlar uchraydi. Bu o‘simliklar yorug‘lik tanqisligiga qo‘shimcha pigmentlar hosil qilish bilan moslashadi. Ular turli chuqurlikda yashashga moslashgan: suv havzalarining sayoz qismlarida yashil suvo‘tlar, chuqurroq qatlamlarida qo‘ng‘ir suvo‘tlar, eng chuqur qismida qizil suvo‘tlar uchraydi. Suv muhitida o‘sadigan yuksak o‘simliklar gidrofitlar (yunoncha «hydor» – suv, «phyton» – o‘simlik) deyiladi. Suvda o‘sadigan yuksak o‘simliklarda mexanik to‘qima, o‘tkazuvchi to‘qima va ildiz tizimi kuchsiz rivojlangan, ildizlarida tukchalar bo‘lmaydi. Ba’zi o‘simliklarda ildiz bo‘lmaydi (elodeya), yoki ildiz faqat substratga birikish vazifasinigina bajaradi (qo‘g‘a, o‘qbarg). Suvda kislorod miqdorining tanqisligiga moslashish mexanizmi sifatida o‘simlik organlarida havo bilan to‘lgan to‘qima – aerenxima rivojlangan. Barg yaproqlari yupqa, ba’zi o‘simliklar (suv nilufari, suv yong‘og‘i) barglarining shakli havo va suv muhitida joylashganiga qarab farq qiladi. Suv o‘simliklarining chang donachalari, mevasi va urug‘lari suv o‘tkazmaydigan qobiq bilan qoplangan va suv yordamida tarqaladi. Hayvonlarning suv muhitiga moslanishlari. Suv muhitining hayvonot dunyosi o‘simliklar dunyosiga nisbatan boy. Suv muhitida yashovchi organizmlar quyidagi ekologik guruhlarga ajratiladi: plankton, nekton, bentos. Bu guruhlar morfologik, fiziologik va etologik moslanishlari bilan farq qiladi (5-rasm). Plankton (yunoncha «planktos» – sayyor, ko‘chib yuruvchi) – suv qa’rida yashovchi, mustaqil harakatlana olmaydigan va suv oqimi bilan ko‘chib yuruvchi organizmlar hisoblanadi. Ularga sodda hayvonlar, bo‘shliqichlilar, mayda qisqichbaqasimonlar, baliq tuxumlari va chavoqlari misol bo‘ladi. Bu organizmlarda suv qa’rida sayyor harakatlanishni maxsus moslamalar: uzun o‘simtalar, gazli va yog‘li kiritmalar ta’minlaydi. Nekton (yunoncha «nektos» – suzuvchi) – suvda faol harakatlanadigan, suv oqimiga qarshilik ko‘rsata oladigan, katta masofalarni suzib o‘ta oladigan organizmlardir. Ularga boshoyoqli molluskalar, baliqlar, kitsimonlar, kurakoyoqlilar misol bo‘ladi. Bu hayvonlarda evolutsiya jarayonida suvda faol harakatlanish va suv qarshiligini yengish uchun bir qancha moslanishlar vujudga kelgan. Muskullarning kuchli rivojlanganligi, tanasining suyri shaklda bo‘lishi, terining tangachalar bilan qoplanganligi va shilimshiq modda ajratishi, suzgich va kurakoyoqlarning mavjudligi shunday moslanishlardan hisoblanadi. 27 5-rasm. Suv muhiti organizmlari. Bentos (yunoncha «benthos» – chuqurlik) – suv tubida yoki suv tubidagi qum orasida yashovchi organizmlar. Bentos organizmlarda suzuvchanlikni kamaytiruvchi moslanishlar, masalan, chig‘anoq (molluskalar), xitin qobiq (qisqichbaqa, krab, omar, langustlar), suv tubiga yopishuvchi moslamalar (zuluklar so‘rg‘ichlari) mavjud. Skat, kambala baliqlarining tanasi yassilashgan bo‘lsa, lansetnik va o‘troq dengiz halqali chuvalchanglari qumga ko‘milib oladi. Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: muhit, yashash muhiti, adaptatsiya, ekologik omillar, gidrobiontlar, gidrofitlar, plankton, nekton, bentos. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Yer yuzida qanday yashash muhitlari mavjudligini tushuntiring. 28 2. Suv muhitining o‘ziga xos xususiyatlarini aytib bering? 3. Suvdagi kislorod va karbonat angidrid manbayini ayting. 4. Suvdagi qaysi gazning miqdori cheklovchi omil hisoblanadi? 5. O‘simliklarning suv muhitiga moslanishi nimada namoyon bo‘ladi? Misollar keltiring. 6. Hayvonlarning suv muhitiga moslanishi nimada namoyon bo‘ladi? Misollar keltiring. 7. Suvda yashovchi hayvonlarning ekologik guruhlari va ularning vakillarini juftlang. Ekologik guruhlar: 1) plankton; 2) nekton; 3) bentos. Vakillar: a) cho‘rtan; b) meduza; d) kambala; e) osminog; f) krab; g) dafniya; h) qisqichbaqa. O‘z fikringizni ayting. 1. Nima sababdan qish va yoz oylarida baliqlarning ko‘plab qirilishi kuzatiladi? Buning oldini olish chora-tadbirlarini ayting. Mustaqil ishlash uchun topshiriqlar. 1. Jadvalni to‘ldiring va hayvonlarning yashash muhitiga moslanishlarini yozing. Hayvonlar Moslanishlar Kasatka Beluga Manta Dengiz toshbaqasi Meduzalar Aktiniyalar Igna baliq 2. Biologik diktant. Ro‘yxatda berilgan atamalarni jadvalga mos ravishda joy lashtiring. Atamalar: muhit, plankton, moslanish, ekologik omillar, yashash muhiti, nekton, gidrobiontlar, bentos. T/r Atama ma’nosi Atama 1 Faol harakatlanuvchi, oqimga qarshi tura oladigan organizmlar 2 Organizmlarga to‘g‘ri va bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi elementlar 3 Suvda yashovchi organizmlar Tabiatning tirik organizmlarga ta’sir ko‘rsatadigan va ularda mosla 4 nishlarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan har qanday tarkibiy qismi 5 Tabiatning biotik va abiotik komponentlari yig‘indisi 29 6 Muayyan muhitda organizmlarning yashab qolishi va nasl qoldirishi 7 Suv qa’rida yashovchi, mustaqil harakatlana olmaydigan organizmlar 8 Suv tubida yoki suv tubidagi qumlarda yashovchi organizmlar 6-§. QURUQLIK-HAVO, TUPROQ, TIRIK ORGANIZMLAR YASHASH MUHITLARI SIFATIDA Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Zoologiya o‘quv fanidan sizga ma’lum bo‘lgan quruqlik-havo va tuproq muhitlarida yashovchi hayvonlarga misollar keltiring. Quruqlik-havo muhiti. Quruqlik-havo muhitining o‘ziga xos jihatlaridan biri, bu muhitda yashovchi tirik organizmlar quruqlikda harakatlangani bilan, ularning hayoti bevosita havo muhiti bilan ham bog‘liq. Havo gazlar aralashmasidan iborat. Havo tarkibida gazlar miqdori nisbatan doimiy bo‘lib, 78,08% i azot, 20,9% i kislorod, 1% i inert gazlar, 0,03% i karbonat angidrid gazlaridan tashkil topgan. Atmosfera tarkibidagi kislorod taxminan bundan 2,5 mlrd yil oldin hosil bo‘lgan. Bu jarayonda quruqlik va suv muhitidagi o‘simliklarda sodir bo‘ladigan fotosintez jarayoni muhim rol o‘ynagan. Karbonat angidrid va suv ishtirokida o‘simliklar hujayrasida organik moddalar hosil bo‘ladi va atmosferaga kislorod ajralib chiqadi. O‘simliklar, hayvonlar va aerob mikroorganizmlar uchun havo zarur omillardan biri hisoblanadi. Tuproq hayvonlar harakatlanishi uchun substrat vazifasini o‘taydi, o‘simliklar esa ildizlari yordamida tuproqqa birikadi, suv va unda erigan mineral tuzlarni shimadi. Havoning zichligi suvnikidan ancha past bo‘lgani sababli tirik organizmlar ning Yer yuzi bo‘ylab harakatlanishiga qarshiligi deyarli sezilmaydi va suv muhitidan farq qilib, organizmlar uchun tayanch vazifasini bajara olmaydi (havoda uchadigan hayvonlar bundan mustasno). Havo zichligining past bo‘lishi quruqlikda atmosfera bosimining nisbatan past bo‘lishini belgilaydi (760 mm simob ustuniga teng). Undan tashqari, havoning shaffofligi suv muhitiga nisbatan ancha yuqori (6-rasm). Quruqlik-havo muhitida tirik organizmlarga ta’sir ko‘rsatadigan ekologik omillar ham bir qancha o‘ziga xos xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Quruqlik-havo muhitida yorug‘lik kuchliroq ta’sir qiladi, harorat va namlik 30 geografik hudud, yil mavsumi va kunning turli vaqtlariga bog‘liq holda juda o‘zgaruvchan. Havo massalari gorizontal va vertikal yo‘nalishlarda harakatlanishi tufayli yana bir ekologik omil – shamolni keltirib chiqaradi. Havo boshqa ekologik omillar kabi tirik organizmlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Uning bevosita ta’siri ekologik jihatdan ahamiyatga ega emas. Havoning bilvosita ta’siri shamol orqali amalga oshadi, chunki shamol harorat va namlik kabi muhim ekologik omillarning ta’sir xarakterini o‘zgartiradi va organizmlarga mexanik ta’sir ko‘rsatadi. Bir yo‘nalishda esadigan kuchli shamollar o‘simliklarning novdasi, poyalarini egishi natijasida ularni shamol yo‘nalishi tomon burilib o‘sishiga, ayniqsa daraxtlar shox-shabbalarining shakli o‘zgarishiga olib keladi. Shamol o‘simliklardagi transpiratsiya jarayonini tezlashtiradi, shuningdek, o‘simliklarning changlani shida katta ahamiyatga ega. Shamol yordamida changlanadigan o‘simliklar – 6-rasm. Quruqlik-havo muhiti tirik organizmlari. 31 anemofill (yunoncha «anemos» – shamol, «filiya» – yaxshi ko‘raman) o‘simliklarda evolutsiya jarayonida bir qancha moslanish belgilari paydo bo‘lgan. Havo oqimlari hayvon va o‘simliklarning Yer yuzi bo‘ylab tarqalishiga imkon beradi. Shamol o‘simlik urug‘lari va mevalarining uzoq masofalarga tarqalishini ta’minlaydi. Siz botanika o‘quv fani orqali meva va urug‘lari shamol yordamida tarqaladigan o‘simliklar – anemoxor (yunoncha «anemos» – shamol, «chorea» – tarqalish) o‘simliklarda ham bir qancha moslanishlar yuzaga kelganligini bilasiz. Quruqlik-havo muhiti uchun geografik kengliklar va mintaqalar xos bo‘lib, Yer sharining turli mintaqalarida iqlim sharoitlarining turlicha bo‘lishi, har bir iqlim mintaqasidagi o‘ziga xos o‘simliklar va hayvonot dunyosida aks etadi. Quruqlik-havo muhiti cho‘l, dasht, o‘rmon, g‘or, botqoqlik, tekislik va tog‘lar kabi xilma-xil yashash muhitlari bilan xarakterlanadi. O‘simlik va hayvonlardagi quruqlik-havo muhitida yashashga mosla nishlar. Suv muhitidan farq qilib, havoning zichligi katta emas. Shuning uchun bu muhitda o‘simliklarda tayanch vazifasini bajaruvchi mexanik to‘qimaning rivojlanishi katta ahamiyatga ega. Iqlim omillarining keskin o‘zgaruvchanligi esa o‘simliklarda qoplovchi to‘qimalarning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Undan tashqari, o‘simliklarda shamol yordamida changlanishni, sporalar, urug‘ va mevalarning tarqalishini ta’minlovchi moslanishlar paydo bo‘ldi. Hasharotlar va qushlarda uchishga moslanishlar yuzaga keladi. Havo massalarining harakati ayrim mayda organizmlar (o‘rgimchaklar, hasharotlar) ning passiv tarqalishini ta’minlaydi. Evolutsiya jarayonida hayvonlarda tashqi (bo‘g‘imoyoqlilar) va ichki skeletning (xordalilar) mukammallashuvi havo zichligining pastligi bilan bog‘liq. Quruqlik hayvonlari chegaralangan tana massasi va gavda o‘lchamiga ega. Masalan, quruqlikda yashovchi eng yirik hayvon – filning massasi 5 tonnagacha bo‘lsa, dengizda yashovchi gigant kitning massasi 150 tonnagacha yetadi. Tuproq muhiti. Yer po‘stining g‘ovak, unumdor yuza qatlami tuproq deyiladi. Tuproq iqlim va biologik omillar ta’sirida hosil bo‘lgan. Qattiq tuproq zarralari orasida havo va suv bo‘ladi. Tuproq organizmlarning yashash muhiti sifatida katta zichlikka egaligi, yorug‘likning bo‘lmasligi, haroratning kam darajada o‘zgarishi, kislorod miqdorining kam, karbonat angidrid miqdorining ko‘p bo‘lishi kabi xususiyatlar bilan xarakterlanadi. Turli iqlim mintaqalaridagi tuproqlar 32 namlikning miqdori, havo bilan ta’minlanganligi, pH ko‘rsatkichi va sho‘rlanish darajalari bilan o‘zaro farq qiladi. Tuproq muhitida yashovchi organizmlar edafobiontlar (yunoncha «edaphos» – tuproq, «biontos» – yashovchi) deb ataladi. Tuproqning yuqori qatlamida o‘simliklarning ildizlari o‘rnashgan bo‘lib, ularning hayotiy jarayonlari mobaynida va nobud bo‘lgandan so‘ng tuproq qatlamini yumshatib, tuproqda yashovchi organizmlar hayoti uchun sharoit yaratadi. Tuproqda yashovchi hayvonlar tuproq massasini aralashishini ta’minlaydi. O‘simlik va hayvonlar nobud bo‘lishi tufayli tuproq tarkibida to‘plangan organik qoldiqlar tuproqda yashovchi sodda hayvonlar, bakteriya va zamburug‘lar uchun oziq va energiya manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Tuproq o‘simliklar uchun tayanch funksiyasini bajarish bilan bir qatorda, suv va mineral moddalar manbayi hisoblanadi. O‘simliklar hayotida tuproq tarkibidagi organik qoldiqlar – chirindi yoki gumus ahamiyatga ega. Tuproq tarkibidagi organik moddalar kimyoviy jarayonlar, shuningdek, detritofaglar, bakteriyalar, zamburug‘lar ta’sirida parchalanadi va gumusga aylanadi. Gumus organik moddalar parchalanishining oxirgi mahsuloti bo‘lib, tuproq tarkibida qanchalik ko‘p bo‘lsa, tuproqning unumdorligi shuncha yuqori bo‘ladi. Gumus tuproq tarkibi, strukturasini yaxshilaydi, unumdorligini oshiradi. Organik moddalar va chirindining minerallashuv jarayonlari tufayli tuproq o‘simliklarning oziqlanishida muhim o‘rin tutuvchi azot, fosfor, oltingugurt, kalsiy, kaliy kabi elementlarning tuproq tarkibida to‘planishini ta’minlaydi. O‘simliklarning ildizi orqali oziqlanishida tuproqda yashovchi mikroorganizmlar alohida o‘rin tutadi. Ko‘pchilik yuksak o‘simliklar zamburug‘lar bilan ildizining shimish faoliyatini kuchaytiruvchi mikoriza hosil qiladi. Tuproqda yashovchi mikroorganizmlar, o‘simliklar, hayvonlar o‘zaro bir- biri bilan bog‘liq holda yashaydi. Hayvonlar va bakteriyalar o‘simliklardagi oqsil, uglevod, yog‘larni o‘zlashtiradi. Zamburug‘lar yog‘ochlik tarkibidagi sellulozani parchalaydi. Bunday munosabatlar natijasida tog‘ jinslarining fizik va biokimyoviy xususiyatlari o‘zgarib, to‘xtovsiz ravishda tuproq hosil bo‘lish jarayoni sodir bo‘ladi (7-rasm). O‘simlik va hayvonlarning tuproqda hayot kechirishga moslanishi. Quruq iqlim sharoitlarida o‘sadigan o‘simliklarda suv tanqisligi kuzatiladi. Kuchli darajada sho‘rlangan tuproq tarkibidagi eritmaning osmotik bosimi yuqori bo‘lgani tufayli osimliklar uchun bunday tuproqdan suvni 2 – Biologiya 11 33 7-rasm. Tuproqda yashovchi organizmlar. o‘zlashtirishi qiyin. Sovuq iqlim mintaqalarida tuproqning namligi yetarli bo‘lsa-da, o‘simliklar suv tanqisligiga moslashadi, chunki sovuq harorat ildiz tizimining normal faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiladi. Evolutsiya jarayonida hayvonlarda tuproqda yashash uchun bir qancha moslanishlar paydo bo‘lgan. Tuproqda hayot kechiruvchi hayvonlar tanasi birmuncha ixchamligi, pishiq va nam yuqtirmaydigan yoki shilimshiq modda bilan qoplangan teri qoplamiga egaligi, ko‘rish organlari rivojlanmaganligi bilan xarakterlanadi. Ularda tuproqda harakatlanish uchun turli moslamalar rivojlangan. Masalan, buzoqbosh va krotlar tuproqni qazib, o‘zlariga yo‘l ochib uya quradi. Yomg‘ir chuvalchangi esa tuproq zarralarini surib o‘ziga yo‘l ochadi. Yer qazuvchi hayvonlarning kuraksimon oyoqlari, yomg‘ir chuvalchangining tayanch funksiyasini bajaruvchi gidrostatik skeleti va tanasidagi tukchalari, hasharotlar va ko‘poyoqlilarning esa tirnoqlari tuproq muhitida yashashiga imkon beradi. Tirik organizmlar yashash muhiti sifatida. Tirik organizmlar parazit va simbioz hayot kechiradigan organizmlar uchun yashash muhiti hisoblanadi. Tirik organizmlar – o‘simliklar, hayvonlar, shu jumladan, odam tanasi boshqa organizmlar uchun yashash muhiti bo‘lib xizmat qiladi. Bir organizm 34 ikkinchi organizmdan yashash muhiti sifatida foydalanishi tabiatda qadimdan mavjud va keng tarqalgan hodisa hisoblanadi. Tanasi boshqa organizm uchun yashash muhiti bo‘lib xizmat qiladigan organizm xo‘jayin deb yuritiladi. Parazit bakteriyalar, zamburug‘lar, umurtqasiz hayvonlar; simbioz holda yashovchi sodda hayvonlar va suvo‘tlari xo‘jayin organizmdan yashash joyi va oziq manbayi sifatida foydalanadilar. Simbioz munosabatlarning bir necha xil shakllari mavjud, bu bilan siz keyingi mavzularda tanishasiz. Xo‘jayin organizmning ichki organlari va to‘qimalarida yashovchi organizmlar endobiontlar (yunoncha «endon» – ichki, «biontos» – yashovchi) deyiladi (8-rasm). 8-rasm. Keng tasmasimon chuvalchangning hayot sikli: 1 – voyaga yetgan chuvalchang; 2 – yetilgan tana bo‘g‘ini; 3 – tuxumi; 4 – birinchi tartib lichinka; 4(a) – birinchi tartib oraliq xo‘jayin (siklop); 5 – ikkinchi tartib lichinka; 5(a) – ikkinchi tartib oraliq xo‘jayin (mayda baliq); 6 – uchinchi tartib lichinka; 6(a) – uchinchi tartib oraliq xo‘jayin (yirtqich baliq); 7 – asosiy xo‘jayin (odam, yirtqich hayvonlar). 35 Tirik organizmlar tanasida yashash muhiti sifatida undan foydalanuvchilar uchun yetarli suv va oziq, doimiy qulay harorat, fizik-kimyoviy ko‘rsatkich lar kabi bir qancha qulayliklar bor. Lekin shu bilan birga parazit va simbiont organizmlar bir qator: yashash maydonining torligi, tarqalish imkoniyatlarining cheklanganligi va murakkabligi, xo‘jayin organizmning immun sistemasi tomonidan himoya reaksiyalari ta’siri kabi qiyinchiliklarga ham duch keladi. Tirik organizmlar tanasida yashashga moslanishlar. Bir organizmning (parazit) boshqa organizm (xo‘jayin) hisobiga yashashi parazitlik deb yuritiladi. Xo‘jayin organizm bilan o‘zaro munosabatiga ko‘ra parazitlikning ikki turi farqlanadi: ektoparazitlar xo‘jayin organizm tanasining tashqi qismlarida yashaydi (bit, burga, kana, to‘shak qandalasi); endoparazitlar xo‘jayin organizmning tana bo‘shlig‘ida, ichki organ va to‘qimalarida, hujayralarida yashaydi (bezgak plazmodiysi, askarida, qilbosh chuvalchang, tasmasimon chuvalchanglar). Endoparazitlarda xo‘jayin organizmda yashash uchun bir qancha: jumladan, tana o‘lchamining kichikligi, tana tuzilishining soddalashuvi, himoya vositasiga ega tana qoplami, naslining ko‘pligi, hayot siklida xo‘jayin organizmning boshqasi bilan almashinishi va hokazo moslanishlar yuzaga kelgan. Xo‘jayin organizm tanasida yashash uchun muhit qulay va optimal bo‘lgani sababli parazitlar murakkab tana tuzilishiga va moslanish mexanizmlariga ega emas. Shuning uchun ularning tana tuzilishi soddalashgan, ba’zi organlari reduksiyaga uchragan. Masalan, parazit chuvalchanglarda harakat organlari bo‘lmaydi. Ko‘pchilik vakillarida xo‘jayin tanasida mahkam o‘rnashib olish uchun yopishuv a’zolari (ilmoqlar, so‘rg‘ichlar) mavjud. Tirik organizmlarning ovqat hazm qilish sistemasida uchraydigan parazitlar oson o‘zlashtiriladigan oziq bilan oziqlanishi natijasida parazitlarning hazm qilish sistemasi soddalashgan. Jigar qurtida hazm qilish organlari sistemasi soddalashgan bo‘lsa, qoramol tasmasimon chuvalchangida butunlay yo‘qol gan. Kislorodsiz muhitda yashash anaerob nafas olishga o‘tishga sabab bo‘ldi. Parazitlarda energiya sarfi kamligi va o‘zlashtiriladigan oziqning ko‘pligi sababli nafas olishning ushbu usuli o‘zini oqlaydi. Tashqi muhit omillarining bevosita ta’siri ostida erkin hayot kechiruvchi organizmlardan farq qilib, parazitlar tashqi muhit bilan bevosita munosabatda bo‘lmaydi. Bu esa nerv sistemasining va sezgi organlarining soddalashuviga sabab bo‘lgan. O‘zini dushmanlardan himoya qilishga qaratilgan moslanishlar ga ham ehtiyoj yo‘q. 36 Organizmning hazm yo‘llarida yashaydigan parazitlar xo‘jayin organizm tomonidan ishlab chiqariladigan hazm fermentlari ta’siri ostida bo‘ladi. Shuning uchun ularda hazm fermentlari ta’siridan himoya qiladigan maxsus tana qoplami paydo bo‘lgan. Parazit organizmlarning yashash maydoni cheklanganligi, tarqalish va rivojlanish siklining murakkabligiga qaramasdan jinsiy sistemasining kuchli rivojlanganligi, serpushtligi ularning yashash uchun kurash va tabiiy tanlanishda saqlanib qolish imkonini beradi. Parazit organizmlar hayot siklida asosiy va oraliq xo‘jayin almashinadi. Bu hodisa bir xo‘jayin organizmida parazitlar sonining haddan tashqari ko‘payib ketishi va xo‘jayin organizmning nobud bo‘lishiga imkon bermaydi. Parazit o‘simliklarning xo‘jayin o‘simlik shirasi bilan oziqlanishi natijasida ulardagi fotosintez jarayoni mexanizmi va xlorofill pigmentlarining yo‘qolishiga olib keladi. Shuningdek, parazit o‘simliklarda ildiz, barg kabi vegetativ organlar tuzilishi soddalashgan yoki butunlay yo‘qolib ketgan. Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: quruqlik-havo muhiti, tuproq muhiti, tirik organizmlar yashash muhiti sifatida, edafobiontlar ektoparazitlar, endoparazitlar. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Quruqlik muhitining komponenti sifatida havoning xususiyatlarini izohlang. 2. Quruqlik muhitida qanday omillar cheklovchi omil bo‘lishi mumkin? 3. Quruqlik muhitida yashaydigan organizmlarda evolutsiya jarayonida qanday moslanishlar paydo bo‘lgan? 4. Tuproqning yashash muhiti sifatida xususiyatlarini ayting. 5. Tuproq muhitida yashaydigan organizmlarda evolutsiya jarayonida qanday moslanishlar paydo bo‘lgan? 6. Tirik organizmlarning yashash muhitiga moslashishining ahamiyatini aytib bering. 7. Parazit hayot kechirishga moslanish belgilari nimalarda namoyon bo‘ladi? Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. 1. Yashash muhitlari va ularning xususiyatlari o‘rtasidagi muvofiqlikni aniqlang. Yashash muhitlari: A. Quruqlik muhiti. B. Suv muhiti. C. Tirik organizm. Xususiyatlari: 1) mo‘tadil harorat rejimi; 2) katta zichlik; 3) nisbatan kichik zichlik; 4) kislorodning kamligi; 5) haroratning keskin o‘zgarishi; 6) tuzlar tarkibi; 7) oziqning mo‘l-ko‘lligi; 8) kislorodning yo‘qligi; 9) muhitning katta qarshiligi; 10) kislorod miqdorining doimiyligi. 37 2. Tuproq muhitida yashovchi organizmlar va ularning harakat organlari o‘rtasidagi muvofiqlikni aniqlang. Tuproq muhitida yashovchi organizmlar. 1) krot; 2) hasharot lichinkalari; 3) yomg‘ir chuvalchangi; 4) buzoqbosh; 5) ko‘poyoq. Moslanishlar: a) tirnoqlar; b) kuraksimon oyoqlar; d) gidrostatik skelet. 3. Parazit organizmlarning qaysi guruhga mansubligini aniqlang. Guruhlar: 1. Pa- razit o‘simliklar. 2. Parazit hayvonlar. Vakillari: a) zarpechak; b) qilbosh; d) solityor; e) devpechak; f) raffleziya; g) askarida; h) rishta; i) plazmodiy. O‘z fikringizni bildiring. 1. O‘simliklarning quruqlikka chiqishi natijasida qanday to‘qima va organlar paydo bo‘lgan. Javobingizni dalillar bilan asoslang. 2. Tirik organizmlar tanasi yashash muhiti sifatida qanday afzalliklarga ega? Shu bilan bir qatorda xo‘jayin organizm tanasida kun kechirish parazitga qanday noqulayliklarni keltirib chiqaradi? 3. Burchoqdoshlar oilasiga mansub ayiqtovon o‘simligi unumsiz tuproqda ham o‘sib, yaxshi hosil beradi. Javobingizni asoslang. 4. Qanday organizmlar uchun tirik organizmlar tanasi yashash muhiti bo‘la oladi? Misollar keltiring. 5. Nima uchun quruqlik muhitida yashovchi organizmlar suv muhitida tarqalgan organizmlardan xilma-xilligi bilan ajralib turadi? Fikringizni dalillar bilan boyiting. Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. Jadvalni to‘ldiring. Berilgan hayvonlarning yashash muhitlarini aniqlang. Quruqlik Tuproq Tirik organizm Hayvonlar Suv muhiti muhiti muhiti tanasi Manta Qizilto‘sh Tillarang yerqazar Rishta Omar Aureliya Dizenteriya amyobasi Suqsun Nereida Lavlagi nematodasi 38 7-§. MUHIT OMILLARI VA ULARNING TASNIFI Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Avval o‘zlashtirgan bilimlaringiz asosida tirik organizmlarning muhit sharoitlariga moslanishlari qanday namoyon bo‘lishi haqida so‘zlab bering. Ma’lumki, tirik organizmlar har xil muhitda yashaydilar. Har bir muhit uchun qanday shart-sharoitlar muhim o‘rin tutadi? Tirik organizmlarning yashash muhiti uning tirik va anorganik tarkibiy qismlari hisoblanadigan ekologik omillar bilan tavsiflanadi. Muhitning har bir tarkibiy qismi shu muhitda yashayotgan tirik organizmlarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Ekologik omillar. Muhitning tirik organizm, populatsiya, tabiiy jamoalarga ta’sir ko‘rsatadigan fizik-kimyoviy, biologik shart-sharoitlari (elementlari) ekologik omillar deyiladi. Ekologik omillar abiotik, biotik va antropogen omillarga ajratiladi. Аbiotik omillar – tirik organizmlarning hayot faoliyati va tarqalishiga ta’sir qiladigan anorganik tabiat tarkibiy qismlari sanaladi. Abiotik omillar to‘rt guruhga bo‘linadi: iqlim omillari – yashash muhitining iqlimini shakllantiruvchi omillar (yorug‘lik, namlik, harorat, havo tarkibi, atmosfera bosimi, shamol tezligi va b.); edafik omillar (yunoncha «edafos» – tuproq) – tuproqning xususiyatlari (namligi, zichligi, mineral tarkibi, organik moddalarning miqdori); topografik omillar (relyef omillari) – joy relyefining o‘ziga xos jihatlari. Ularga balandlik (dengiz sathiga nisbatan) qiyalikning tikligi, qiyalikning ekspozitsiyasi (dunyo tomonlariga nisbatan joylashuvi) kabi omillar kiradi; fizik omillar – tabiatdagi fizik hodisalar (Yerning tortish kuchi, Yerning magnit maydoni, ionlashtiruvchi va elektromagnit nurlanishlar va b.). Biotik omillar – tirik tabiat omillari. Biotik omillar fitogen (o‘simliklarning ta’siri), zoogen (hayvonlarning ta’siri), mikogen (zamburug‘larning ta’siri) mikrobiogen (mikroorganizmlarning ta’siri) omillarga ajratiladi. Аntropogen omillar – inson faoliyati bilan bog‘liq omillar bo‘lib, ularga boshqa tirik organizmlarning yashash muhitlariga va bevosita ularning hayotiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi inson faoliyati turlari (atrof- 39 muhitning ifloslanishi, hayvon hamda baliqlarni ovlash, o‘rmonlarni kesish, yerga ishlov berish, foydali qazilmalarni qazib olish va b.) kiradi. Birga yashayotgan organizmlar hayotida bitta ekologik omil turlicha ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, ochiq yerlarda yashaydigan yirik hayvonlar uchun kuchli shamol salbiy ta’sir ko‘rsatsa, uyalariga va qor ostiga yashirinadigan mayda hayvonlarga bu omil katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Tuproqning mineral tuzlar tarkibi o‘simliklar uchun muhim omil hisoblansa- da, Yer yuzida yashaydigan hayvonlar uchun bu omil ahamiyatga ega emas. Muhitning ba’zi ko‘rsatkichlari, turlarning evolutsiyasida uzoq davr mobaynida nisbatan doimiy holatda o‘zgarmasdan qoladi. Masalan, Yerning tortish kuchi, quyosh doimiyligi, okean suvlarining tuz tarkibi, atmosferaning xususiyatlari kabi omillar nisbatan o‘zgarmasdir. Ko‘pchilik ekologik omillar – harorat, namlik, shamol, yog‘ingarchilik miqdori, oziq miqdori, yirtqichlar va parazitlar soni kabilar o‘zgaruvchan omillar hisoblanadi. Bu omillarning o‘zgaruvchanlik darajasi muhitning xususiyatlari bilan bog‘liq. Masalan, quruqlikda tez-tez o‘zgarib turadigan havo harorati okean qa’rida va g‘orlarning tubida deyarli o‘zgarmaydi. Yirtqich sutemizuvchilar tanasida parazitlik qiladigan organizmlar uchun oziq zaxirasi yetarli bo‘lsa, erkin yashovchi yirtqichlar uchun oziq zaxirasi o‘ljasining soniga bog‘liq bo‘ladi. Muhit omillarining organizmlarga ta’sir etish qonuniyatlari. Ekologik omillar xilma-xil bo‘lishiga qaramay ularning tirik organizmlarga ta’sir etish xarakterida, ekologik omillarning ta’siriga tirik organizmlarning javob reaksiyalarida bir qator umumiy qonuniyatlarni aniqlash mumkin. Har bir tirik organizm muhit omillariga nisbatan o‘ziga xos moslanishlarga ega bo‘lib, omillarning ma’lum me’yorda o‘zgarishlari doirasida normal hayot kechirishi mumkin (9-rasm). Muhit omilining yetishmasligi ham, me’yordan ortib ketishi ham tirik organizmlar hayot faoliyatining o‘zgarishiga olib keladi. Ekologik omilning organizm hayot faoliyatiga ko‘rsatadigan ta’sirining eng qulay chegarasi biologik optimum yoki optimum zonasi deyiladi. Optimum zonasidan og‘ish, ya’ni chetga chiqish noqulay hayot zonasi (pessimum zona)ni belgilaydi. Og‘ish qanchalik kuchli bo‘lsa, omilning organizmga noqulay ta’siri ko‘proq namoyon bo‘ladi. Har qanday organizm ekologik omilning eng yuqori – maksimum va eng quyi – minimum chega 40 Chidamlilik chegarasi Omilning quyi chegarasi Omilning yuqori chegarasi Omilning qulaylik darajasi Optimum hayot zonasi hayot zonasi Noqulay Noqulay Organizmning Biologik optimum zonasi Organizmning nobud bo‘lishi nobud bo‘lishi Omilning ta’sir etish jadalligi 9-rasm. Muhit omillarining tirik organizmlarga ta’siri. ralari doirasi – chidamlilik chegaralari doirasidagina hayot kechira oladi, omilning bu chegaradan og‘ishi organizmning nobud bo‘lishiga olib keladi. Ekologik omil ko‘rsatkichlarining tirik organizmlar yashashi mumkin bo‘lgan chidamlilik chegaralari doirasi tolerantlik (lot. «tolerantia» – sabr- toqat) zonasi deb ham yuritiladi. Har bir tirik organizm uchun ma’lum ekologik omilning muayyan ko‘rsatkichlardan iborat maksimumi, optimumi va minimumi mavjud. Har bir turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegarasi mavjud. Masalan, uy pashshasi +7°C dan past va +50°C dan yuqori haroratlarda yashay olmaydi, bu tur uchun +23+25°С optimal harorat hisoblanadi. Odam askaridasi esa, faqat odam tanasi haroratidagina yashay oladi. Omilning ma’lum ta’sir kuchi bir tur uchun optimal bo‘lsa, boshqa tur uchun maksimal yoki minimal, uchinchi tur uchun esa, chidamlilik chegarasi doirasidan chetga chiqishi mumkin. Nemis olimi Yustus Fon Libix madaniy o‘simliklarning hosildorligi tuproq tarkibida kam miqdorda bo‘ladigan mineral moddalarga bog‘liqligini aniqladi. 41 Olim sharafiga ushbu qonun «Libix bochkasi» sifatida ifodalanadi. Bochkaga qancha suv solinsa ham u bochka devorining eng past yeridan (10-rasm) toshib chiqaveradi, ya’ni bochka devori boshqa qismlari balandligining ahamiyati yo‘q. Libixning minimum qonuni yoki cheklovchi omil qonuni quyidagicha: «organizm (yoki ekosistema)ning yashab qolishini optimum chegarasidan eng ko‘p og‘adigan ekologik omil belgilaydi». Shuning uchun ham tur yoki ekosistemalar holatini ekologik jihatdan tahlil qilish va uning kelajakdagi holatini oldindan aytib berish uchun uning eng nozik va zaif jihatini aniqlash muhim hisoblanadi. Tirik organizm, tur, jamoaning hayotiy faoliyati va rivojlanishini susaytirib yoki to‘xtatib qo‘yadigan omil cheklovchi omil deb ataladi. Masalan, tuproqda biron-bir mikroelementning yetishmasligi o‘simlik rivojlanishining susayishiga va hosildorlikning pasayishiga olib keladi. Shu o‘simliklar bilan oziqlanuvchi hasharotlar oziq yetishmasligi tufayli hobud bo‘ladi. Hasharotlar sonining kamayishi esa o‘z navbatida shu hasharotlar bilan oziqlanuvchi entomofag – yirtqich hayvonlar, hasharotlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar (amfibiyalar), sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilarning yashab qolishi va ko‘payishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Cheklovchi omillar har bir turning tarqalish arealini belgilaydi. Masalan, ko‘pchilik o‘simlik va hayvon turlarining shimol tomonga tarqalishini haroratning pastligi, yorug‘likning yetishmovchiligi cheklasa, janub tomonga tarqalishini esa namlikning tanqisligi cheklaydi. Tirik organizmlarning hayotiy faoliyati va rivojlanishini ekologik omilning nafaqat minimum chegarasi, balki maksimum chegarasi ham susaytirishi mumkin. Turning muayyan ekologik omilga nisbatan chidamlilik chegaralarining kengligi shu omilga «evri» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi. Minimum Keng ko‘lamda o‘zgaruvchan muhit sharoitida yashashga moslashgan yoki chidamlilik chegaralari doirasi keng bo‘lgan o‘simlik va hayvonlar evribiontlar (yunoncha «eurys» – keng, «biontos» – yashovchi) deyiladi. Masalan, kosmopolit turlar muhitning 10-rasm. Libix bochkasi. 42 o‘zgaruvchanligiga keng doirada moslanuvchan bo‘ladi. Kosmopolitlar – keng tarqalgan, ya’ni Yer yuzining juda katta hududlarini egallagan turlardir. Masalan, kalamushlar, suvaraklar, pashshalar, burgalar kosmopolitlar sanaladi. Muhit omillarining keng doirada o‘zgarishiga turning bardosh bera olmasligi yoki chidamlilik chegaralari doirasi torligi tegishli omilga «steno» so‘zini qo‘shish orqali ifoda etiladi. Nisbatan doimiy muhit sharoitida yashashga moslashgan, harorat, namlik, atmosfera bosimi kabi omillarning tor ko‘lamda o‘zgarishigagina bardosh bera oladigan o‘simlik va hayvonlar stenobiontlar (yunoncha «stenos» – tor, cheklangan, «biontos» – yashovchi) deb yuritiladi. Masalan, Janubiy Amerikada yashovchi kolibrilar ma’lum bir turdagi o‘simlik nektari bilan oziqlanadi. Shuning uchun bu qush turining areali tor bo‘lib, aynan shu o‘simlikning areali bilan belgilanadi. Avstraliyada yashovchi xaltali ayiq – koala faqat evkalipt daraxtida yashab, uning bargi bilan oziqlanadi. Tirik organizmlar har bir omilga nisbatan alohida moslashadilar. Organizmlarning alohida bir omilga nisbatan chidamlilik darajasining yuqori bo‘lishi, uning boshqa omillarga ham chidamli ekanligini anglatmaydi. Masalan, havo haroratining vaqtinchalik pasayishiga bardoshli, bu vaqtda karaxt holatga o‘tadigan ayrim mayda hasharotlar havo namligining keskin pasayishini ko‘tara olmay, tez nobud bo‘ladi. Ekologik nisha haqida tushuncha. Muhitning ekologik omillari bilan murakkab munosabatlar tizimida har bir tur o‘zining muayyan ekologik o‘rniga – ekologik nishasiga ega. Turning biotizim sifatida mavjudligini belgilab beruvchi barcha abiotik va biotik omillarning yig‘indisi ekologik nisha deyiladi. Ekologik nisha organizmning hayot tarzi, yashash shart- sharoitlari, oziqlanishi kabilarni o‘z ichiga oladi. Ekologik nisha tushunchasini yashash joyi tushunchasi bilan adashtirmaslik lozim. Ekologik nishadan farq qilib, yashash joyi organizm egallagan hududni anglatadi. Masalan, dasht hayvonlari hisoblanadigan qoramol va kenguruning yashash joylari boshqa bo‘lgani bilan bitta ekologik nishani egallaydi. Olmaxon va bug‘u bir hududda – o‘rmonda yashaydi, lekin turli ekologik nishalarni egallaydi. Afrika savannalarida bir necha tuyoqli o‘txo‘r hayvon turlari yashaydi. Ularning yashash joyi umumiy, lekin ular shu joydagi mavjud oziq resurslaridan turlicha foydalanadi. Jirafalar daraxtlarning barglari va shox-shabbasi bilan oziqlansa, zebralar o‘tlarning yuqori qismini iste’mol qiladi, gnu antilopalari o‘simlik poyalarining 43 o‘rta qismlari va urug‘larini yeydi. G‘izollar o‘tlarning eng pastki qismlari bilan, boshqa bir tur antilopalar butalarning yosh barglari bilan oziqlanadi. Shunday qilib, bir joyda yashovchi har xil turga mansub tuyoqli hayvonlar turli yarusda o‘sadigan o‘simliklarning organlari bilan oziqlanib, boshqa- boshqa ekologik nishalarni egallaydi (11-rasm). Bir daraxtda yashashiga qaramay, olmaxon daraxtning urug‘lari bilan, qizilishton esa daraxt po‘stlog‘i ostidagi hasharotlar bilan oziqlanadi. Birgalikda yashayotgan turlarning ekologik nishalari bir-birini qoplamaydi, aks holda bir tur ikkinchi turni siqib chiqaradi. Masalan, kulrang kalamush va qora kalamush populatsiyalari birgalikda yashaganda kulrang kalamush populatsiyasi qora kalamush populatsiyasini siqib chiqaradi. Demak, bir biotsenozda hech qachon ikki tur bitta ekologik nishani egallamaydi. Undan tashqari, bir turga mansub organizmlar shaxsiy rivojlanishning turli davrlarida har xil ekologik nishani egallashi mumkin. Masalan, hasharotlarning to‘liq o‘zgarishi bilan rivojlanishini eslang. 2 3 Jirafa daraxt 1 4 5 barglari bilan oziqlanadi Gnu antilopasi o‘t Zebra o‘tlarning poyalarining o‘rta yuqori qismini qismini iste’mol G‘izol o‘tlarning iste’mol qiladi qiladi pastki qismi bilan Dik-dik antilopasi oziqlanadi butachalar bargi bilan oziqlanadi 11-rasm. Afrika savannasi o‘txo‘r tuyoqli hayvonlari: 1 – jirafa; 2 – dik-dik antilopa- si; 3 – zebra; 4 – gnu antilopasi; 5 – g‘izol. 44 Tabiatda organizmlarga ekologik omillar birgalikda, ya’ni kompleks tarzda ta’sir ko‘rsatadi. Muhit omillari nafaqat tirik organizmlarga ta’sir etadi, balki bir-biri bilan ham o‘zaro bog‘liqdir. Bir omilning o‘zi boshqa omillar bilan uyg‘unlashgan holda organizmlarga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunda bir omilning ta’sir kuchi boshqa omil ta’sirida kuchayishi yoki aksincha, susayishi mumkin. Masalan, yozning jazirama issig‘iga bardosh berish atmosfera namligi yuqori bo‘lgan vaqtga nisbatan namlik past bo‘lganda osonroq kechadi. Tirik organizmlarga ta’sir etuvchi muhit omillari har xil ta’sir kuchiga ega. Lekin organizm bir vaqtning o‘zida har bir omil ta’siriga turlicha javob reaksiyasini namoyon eta olmaydi. Masalan, o‘simlik uchun harorat va yorug‘lik miqdori me’yorida, ya’ni optimum zonasida bo‘lib, namlik yetishmovchiligi kuzatilganda o‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi susayadi. Demak, organizm hayot faoliyatini optimum zonasidan eng ko‘p og‘gan omil cheklaydi. Agar o‘simlik sun’iy ravishda sug‘orilsa, yana rivojlanishda davom etadi. Cheklovchi omilning ta’sir kuchi o‘zgartirilsa, organizm hayotiy faoliyati ham o‘zgaradi. Muhit omillarining organizmlarga ta’sir etish mexanizmlarini bilish orqali tirik organizmlarning tabiatda tarqalish qonuniyatlarini tushunish va ulardan xo‘jalik faoliyatida keng foydalanish mumkin. Tirik organizmlarning hayotiy faoliyatini cheklovchi omilni aniqlash katta amaliy ahamiyatga ega. Cheklovchi omilning ta’sir kuchini o‘zgartirish tabiatda va qishloq xo‘jaligining chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik ipakchilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarida tirik organizmlarning hayotiy jarayonlarini boshqarish, ularning mahsuldorligini oshirish hamda madaniy o‘simliklar va hayvon zotlaridan yuqori hosil olish imkonini beradi. Ma’lum bir hududdagi muhofazaga muhtoj turni saqlab qolish uchun qaysi ekologik omil chidamlilik chegarasidan tashqariga chiqayotganini aniqlash muhim. Ayniqsa, shu turning ko‘payish va rivojlanish davrida bu tadbirlar o‘ta ahamiyatli bo‘ladi. Cheklovchi omilning ta’sir kuchini maqsadga muvofiq yo‘naltirish bilan muhofazadagi tur individlari sonini ko‘paytirish va turning saqlanib qolishiga erishiladi. Shunday qilib, ekologik omillar bir-biriga bog‘liq, doimiy o‘zaro munosabatda bo‘ladi va tirik organizmlarning Yer yuzida tarqalishini belgilaydi. 45 Daftaringizga atamalarning ma’nosini yozib oling: ekologik omillar, abiotik omillar, biotik omillar, antropogen omillar, biologik optimum, tolerantlik, evribiont, stenobiont, cheklovchi omil, minimum qoidasi, ekologik nisha. Bilimlaringizni qo‘llang. 1. Ekologik omillarning qanday turlarini bilasiz. 2. Abiotik omillarning qanday turlari bor? Misollar bilan tushuntiring. 3. Quyidagi omillarning qaysilari o‘simliklar, qaysilari hayvonlarning yashash sharoitlarini belgilaydi: suv, shamol, yorug‘lik, karbonat angidrid, organik moddalar, mineral tuzlar? Fikringizni asoslang. 4. Biologik optimum deganda nimani tushunasiz? 5. Organizmlarning ekologik omillar ta’siriga chidamliligi nima bilan chegara lanadi? 6. Qanday omillar cheklovchi omil deyiladi? Libixning minimum qoidasi mohiyatini tushuntirib bering. 7. Biotik omillarni ta’riflang. Tirik organizmlarning qanday munosabatlarida biotik omillar ta’siri aks etadi? 8. Ekologik nishani izohlang. Har xil turlar bitta ekologik nishani egallashi mumkinmi? 9. Berilgan ekologik omillarni tegishli ravishda abiotik, biotik, antropogen omillarga ajrating: harorat, balandlik, yirtqichlar, yorug‘lik, transportlar, parazitlar, elektromagnit nurlanish, daraxtlarni kesish, tuproq tarkibi, o‘txo‘r hayvonlar, yerni sug‘orish. O‘z fikringizni bildiring. 1. Qishda kuchli shamol esgan vaqtida shamolsiz kunlarga nisbatan o‘simliklarni sovuq urish ehtimoli ko‘proq. Bu hodisa qanday ekologik qonuniyatlar bilan bog‘liq? Fikringizni asoslang. 2. Quyida berilgan antropogen omillar ta’sirining oqibatlarini aytib bering: o‘rmonlarni kesish; okean tubidan neft qazib olish, uni transportda tashish va qayta ishlash; hayvonlarni ovlash; zararkunandalarga qarshi kimyoviy moddalarni qo‘llash; suv havzalarining sanoat va xo‘jalik chiqindilari bilan ifloslanishi. Mustaqil bajarish uchun topshiriqlar. Jadvalni to‘ldiring. Tarkibiy Omilning Omilning Abiotik omillar qismlar o‘simliklarga ta’siri hayvonlarga ta’siri Iqlim omillari Edafik omillar Topografik omillar 46 8-§. YORUG‘LIK – MUHITNING EKOLOGIK OMILI Tayanch bilimlaringizni qo‘llang. Fizika o‘quv fanidan yorug‘lik va uning spektral tarkibini eslang. Tirik organizmlar hayotida yorug‘likning qanday ahamiyati borligini aniqlang. Yorug‘lik muhitning abiotik omili. Yerda hayot mavjudligining asosiy sharti koinotdan yetib keladigan quyosh energiyasidir. Quyosh energiyasi ekosistemalarda kechadigan biologik jarayonlarni energiya bilan ta’minlaydi. Quyosh energiyasi fotosintez jarayoni uchun energiya manbayi bo‘lib xizmat qiladi, organizmlarda issiqlik me’yorini saqlashda ishtirok etadi, suv almashinuvini ta’minlaydi, fazoda mo‘ljal olish uchun zarur omil sanaladi. Atmosferaning yuqori chegarasida quyosh doimiyligi deb ataladigan quyosh nurlanishining quvvati 1380 W/m2 ga tengdir. Ammo Yer yuzasiga yetib keladigan quyosh nurlanishining quvvati birmuncha kamroqdir, chunki yorug‘likning bir qismi atmosferada yutiladi va qaytariladi. Biologik ahamiyatiga ko‘ra quyosh nuri uch xil spektrga: ultrabinafsha, ko‘rinadigan, infraqizil